AsosiySport

O`zPFL Sport bo`limi xodimi ta`magirlik qilgani uchun qo`lga olindi

'O`zPFL Sport bo`limi xodimi ta`magirlik qilgani uchun qo`lga olindi'ning rasmi

O`zbekiston futbol assosiasiyasi va Professional futbol ligasi o`zbek futbolida korrupsiya, poraxo`rlik va tamagirlik kabi illatlarni yo`qotish va ularga qarshi kurashish yo`lida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda, deb xabar berdi O`FA matbuot xizmati.

Ma`lum qilinishicha, mana shunday noqonuniy harakatlar bilan shug`ullanayotgan shaxslarni aniqlash va tegishli huquq-tartibot organlariga topshirish maqsadida muntazam ravishda tekshiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Ana shunday tekshiruv ishlari natijasida PFL Sport bo`limi mutaxassisi R.K. tamagirlik bilan shug`ullanayotgani ma`lum bo`ldi.

U Buxoro viloyati G`ijduvon tumani "Yoshlar Ittifoqi"ning "Ittifoq" jamoasini Pro-liganing "V" ligasida ishtirok etishi uchun lisenziyalashdan o`tkazib berish evaziga 2 500 AQSh dollari miqdorida pora so`ragan.

Bu haqida xabar topgan O`FA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi Toshkent shahar prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda maxsus tadbir o`tkazdi.

Ana shu tadbir natijasida bugun, 18 yanvar kuni R.K. O`zbekiston davlat koservatoriyasining yonida 1 500 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda qo`lga olingan.

Mazkur holat yuzasida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atish masalasi hal qilinmoqda.

    Boshqa yangiliklar