AsosiyJamiyat

"Click-Payme" orqali pora olishda gumonlangan soliq inspektori holatiga DSQ izoh berdi

'"Click-Payme" orqali pora olishda gumonlangan soliq inspektori holatiga DSQ izoh berdi'ning rasmi

Navoiy viloyati Karmana tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimi G.P. o`z jinoiy harakatlarini sodir etayotgan paytda qo`lga olingani haqida xabar bergan edik.

Aslida holat qanday bo`lgan? Quyida Davlat soliq qo`mitasi ushbu holat bo`yicha ma`lumot berdi.

2018 yilning 18 dekabr kuni Karmana tumani davlat soliq inspeksiyasi Qo`shimcha daromadlarni aniqlash va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bo`limi Jismoniy shaxslar bilan ishlash sho``basi davlat soliq katta inspektori Nurmaxamatov Sobirjon Xayitmuratovich ish jarayonida Karmana tumani “Katta machit” mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi fuqaro Xilola Ostonovani uchratib qoladi.
Shunda fuqaro X.Ostonova marhum bobosiga tegishli hovli kadastr hujjatlarini o`z nomiga rasmiylashtirish kerakligini, 10 yil davomida mol-mulk solig`i to`lanmaganini aytib, shuni bilib berishini so`ragan va inspektorning telefon raqamini olgan. O`z navbatida, inspektor keyingi 5 yil uchun tartib asosida hisoblansa, mol-mulk solig`i taxminan bir milliondan ziyodroqqa to`g`ri kelishini, borib hisob-kitob qilib ko`rish kerakligini bildirgan.

Fuqaro X.Ostonova ishi ko`pligi vajidan vaqti etishmasligi, shuning uchun mazkur summani uning plastik kartasiga click orqali o`tkazib berishi va uni to`lab qo`yishni qayta-qayta iltimos qilgan. Shundan so`ng 18 dekabr kuni X.Ostonova tegishli pulni S.Nurmaxamatovning plastik kartasiga telefoni yordamida o`tkazib, unga qo`ng`iroq qilgan. Birinchi marta 450 000 so`m, so`ngra 200 000 so`m tashlab bergan.

Shundan so`ng S.Nurmaxamatov 21 dekabrda ish joyiga kelgach, ma`lumotlar bazasiga kirib, xonadon uchun soliqlar 2016 yilgacha to`langani, ayni paytdagi qarzdorlik 430 000 so`mga tengligini aniqlagan. Mazkur summani to`lig`icha terminal orqali to`lab, qolgan 220 000 ming so`mni X.Ostonovaga shaxsan olib bormoqchi bo`lgan va uni uyidan ikki kun davomida topa olmagan, hatto telefon raqami ham ishlamagan.
25 dekabr kuni “Katta machit” mahalla fuqarolar yig`inida mas`ul kotib bo`lib ishlovchi J.Turdievaga pulni berib, shaxsan etkazib qo`yishni iltimos qilgan.

2018 yil 29 dekabrda Karmana tumani Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamentiga borib, ushbu holatlar bo`yicha tushuntirish xati yozgan.

Shu kunning o`zida o`z xohishiga ko`ra, ariza yozib soliq tizimidan ketgan. S.Nurmaxamatov bilan suhbatlashganda, unga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tadbir bo`lmaganligini, hech kim uni qo`lga olmagani, tashlab bergan puldan o`z maqsadida foydalanmaganini, vazifasini xolis bajarganligini bildirdi. Bugungi kunda S.Nurmaxamatov o`z uyida kundalik yumushlari bilan band, deya ma`lum qildi O`zAga Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, S.Nurmaxamatovga nisbatan JKning 168-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov jarayoni olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar