Gujarat shtatining Gandinagar shahri "Mahatma Mandir" ko`rgazmalar majmuasida "Jo`shqin Gujarat – 2019" IX xalqaro investisiya sammiti bo`lib o`tdi.
Sammitda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, shuningdek, Avstraliya, Kanada, Fransiya, Yaponiya, Norvegiya, Niderlandiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Daniya, Chexiya, Malta, Tailand, BAA kabi mamlakatlardan davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va transmilliy korporasiyalar boshliqlari, ekspertlar ishtirok etdi.
Yirik iqtisodiy anjumanda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Gujarat shtati qadimdan savdo va tadbirkorlikda etakchi hudud bo`lib kelgani, mazkur sammit ana shu an`analarni davom ettirib, zamonaviy Hindistonning biznes ruhini namoyon qilayotganini ta`kidladi.
Davlatimiz rahbari Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash - O`zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
"Eramizdan avvalgi III – II asrlarda hind zaminini Markaziy Osiyo bilan Buyuk Hindiston yo`li bog`lagani yaxshi ma`lum. Bugun ham Markaziy va Janubiy Osiyo bozorlari o`rtasidagi ishonchli savdo va transport kommunikasiyalarini yaratish har qachongidan dolzarbdir.
Biz Transafg`on temir yo`li loyihasini muhokama qilyapmiz. Istiqbolda bu yo`l Janubiy Osiyoga, jumladan, Choxbahor porti orqali Hindistonga chiqish imkonini beradi", - dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbari informasion texnologiyalar, dasturiy ta`minot, qishloq xo`jaligi, qayta tiklanadigan energiya hamda ushbu sohalar mutaxassislarini tayyorlash bo`yicha qo`shma loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi. Bu bo`yicha dastlabki harakatlar boshlangan, Toshkent shahrida qo`shma texnopark tashkil etiladi.
Sarmoyadorlarni O`zbekistonga jalb qilish uchun eng qulay sharoitlar yaratilishini alohida qayd etdi.
O`zbekiston, avvalo, kimyo sanoati va energetika, farmasevtika, tekstil, charm-poyabzal, kimyo sanoati, turizm sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.
– Gujaratning ulkan iqtisodiy salohiyati va Andijon viloyati bilan sheriklik aloqalaridan kelib chiqib, shoh Bobur tug`ilgan va ulug` Akbarshoh ajdodlarining vatani bo`lmish Andijonda O`zbekiston-Hindiston mintaqalari biznes-forumini shu yili o`tkazishni taklif qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbari 2020 yilda Hindistonda «O`zbekiston madaniyati yili»ni hamda O`zbekistonda «Hindiston madaniyati yili»ni o`tkazish, joriy yilda yurtimizda o`zbek-hind Yoshlar festivalini tashkil qilishni taklif etdi.
Prezidentimiz so`zining yakunida yurtimizning sanoat, investision va sayyohlik salohiyati, boy tarixi va madaniyati haqida tanishish imkonini beruvchi sammit doirasida tashkil etilgan O`zbekiston ko`rgazmasiga barchani taklif qildi.

"Jo`shqin Gujarat"» sammitida so`zga chiqqanlar hamkor mamlakatlar o`rtasida o`zaro tajriba, texnologiya almashish, yangi hamkorlar va investisiyalarni jalb etish yo`llarini topish bo`yicha o`z nuqtai nazarlarini bayon etdi.





