AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri bilan uchrashdi

'Shavkat Mirziyoev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri bilan uchrashdi'ning rasmi

18 yanvar kuni Gandinagar shahrida bo`lib o`tayotgan “Jo`shqin Gujarat” xalqaro sammiti doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, Hindiston Bosh vaziri nufuzli O`zbekiston delegasiyasining Sammit ishidagi ishtiroki uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.

O`zbekiston Prezidentining Hindistonga tashrifi oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomi, shuningdek ikki mamlakat o`rtasidagi izchil mustahkamlanib borayotgan do`stlik va sheriklik munosabatlarining yana bir yorqin dalilidir.

Uchrashuv davomida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining o`tgan yili oktyabr oyidagi Hindistonga davlat tashrifi yakunlari bo`yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarning amaliy ijrosi bilan bog`liq masalalar, shuningdek O`zbekiston va Hindiston o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko`rib chiqildi.

Tashrifdan so`ng o`tgan vaqt davomida barcha yo`nalishlardagi o`zaro aloqalar faollashgani qayd etildi.

O`tgan hafta Samarqand shahrida «Hindiston – Markaziy Osiyo» Muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afg`oniston ishtirokidagi birinchi uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida Toshkentda qo`shma Tadbirkorlikni rivojlantirish markazi o`z faoliyatini boshladi. Mamlakatimizda Hindiston sanoat konfederasiyasi vakolatxonasi ochilishi ko`zda tutilmoqda.

Sammit arafasida Gujaratda O`zbekiston-Hindiston ishbilarmonlar kengashining birinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Hindistonlik hamkorlar bilan Toshkent shahrida ilg`or axborot texnologiyalari texnoparki, Andijon viloyatida farmasevtika zonasi tashkil etilmoqda.

Hindiston Eksimbanki bilan O`zbekistondagi ijtimoiy muhim loyihalarni moliyalashtirish uchun qiymati 200 million dollarga teng kredit liniyasi ajratish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Yangi o`quv yilidan boshlab mamlakatimizda Hindistonning etakchi oliy o`quv yurtlari – “Amiti” va “Sharda” universitetlari o`z ishini boshlaydi.

Davlat rahbarlari axborot-kommunikasiya texnologiyalari, sog`liqni saqlash, farmasevtika tarmog`i, zargarlik sanoati, qishloq xo`jaligi, sayyohlik infratuzilmasini modernizasiya qilish va boshqa yo`nalishlardagi ustuvor loyihalar va hamkorlik dasturlari amaliy ijrosini jadallashtirish zaruriyatini qayd etdi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari bo`yicha fikr almashildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki mamlakat o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish yo`lida qat`iy ekanliklarini tasdiqladilar.

Uchrashuv so`nggida Hindistonga uran etkazib berish bo`yicha imzolangan uzoq muddatli kelishuvni o`zaro almashish marosimi bo`lib o`tdi.

    Boshqa yangiliklar