AsosiyJamiyat

​Soliq va prokuratura rahbarlari joylarga chiqib, tadbirkorlar muammolarini hal etmoqda

'​Soliq va prokuratura rahbarlari joylarga chiqib, tadbirkorlar muammolarini hal etmoqda'ning rasmi

Soliq tizimi samarasiz bo`lsa, u iqtisodiyot rivojlanishiga imkon bermaydi. Shu bois, mamlakatimiz soliq ma`muriyatchiligida yangi tizim yaratildi. Ya`ni, bugun soliq xizmati organlari tekshiruvchi emas, insofli soliq to`lovchilarning yaqin ko`makchisiga aylanmoqda.

Xususan, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlarining 220 nafardan ziyod malakali xodimlari har kuni joylarga chiqqan holda umumbelgilangan soliq to`lovi tizimiga o`tayotgan korxonalar rahbar va bosh hisobchilari bilan muloqot o`tkazmoqda. Ularning muammolari o`rganilib, amaliy yordam ko`rsatilishi barobarida qo`shilgan qiymat solig`i bo`yicha tushuntirishlar berilmoqda.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi rahbari N.Tursunov, Toshkent shahar prokurori o`rinbosari A.Po`latov poytaxtning Yunusobod tumanida faoliyat yuritayotgan «Almerro Group» (KREMBER) mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ishlab chiqarish korxonasida bo`lib, soliq qonunchiligiga kiritilgan o`zgarishlar mazmun-mohiyati haqida batafsil ma`lumot berdi.

Yuzma-yuz muloqot jarayonida korxona rahbari hamda hisobchisiga qo`shilgan qiymat solig`ini hisoblash, to`lash hamda hisobotlarni topshirish tartiblari taqqoslama jadvallar asosida tushuntirildi.

O`rni kelganda aytish joizki, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan 2019 yildan soliq qonunchiligiga kiritilgan o`zgartirish hamda qo`shimchalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish bo`yicha 92 ta seminar-trening o`tkazilib, unda 10 ming nafardan ziyod tadbirkorlik sub`ekti qatnashdi.

Seminarlarda soliq to`lovchilardan tushgan 2689 ta savolga batafsil javoblar berildi. Bundan tashqari, targ`ibot tadbirlari davomida soliq to`lovchilar uchun soliq qonunchiligidagi yangiliklarni aks ettiruvchi 50 dan ortiq plakatlar, 10 dan ortiq videorolik va slaydlar tayyorlandi. Shuningdek, 10 mingdan ortiq buklet va DVD disklar tadbir ishtirokchilariga tarqatildi.

Soliq qonunchiligiga kiritilgan o`zgartirishlarni soliq to`lovchilarga tushuntirish hamda qo`shimcha qulayliklar yaratish maqsadida har bir tuman davlat soliq inspeksiyasining «Telegram» kanali ochilib, unga a`zo bo`lgan 5 mingdan ortiq tadbirkorlik sub`ektlari vakillarining 1397 ta savollariga aniq va tezkor javoblar berildi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi

    Boshqa yangiliklar