2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini "Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to`g`risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan umumiy qiymati 16,9 trillion so`m va 8,1 milliard AQSh dollariga teng loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi "Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" davlat dasturi tasdiqlandi:
- davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida – parlament faoliyatini kuchaytirish, ijro etuvchi hokimiyat tizimini optimallashtirish, ma`muriy islohotlarni davom ettirish, davlat boshqaruvida zamonaviy menejment uslublarini keng qo`llash, yagona kadrlar siyosatini shakllantirish, hokimliklarning mustaqilligini oshirish;
- qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida – sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligiga erishish, aholi tinchligi, xavfsizligini va qonuniylikni ta`minlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo`yicha zarur choralar ko`rish, jinoyat qonunchiligini liberallashtirish;
- iqtisodiyotni rivojlantirish va investisiyalarni faol jalb etish sohasida – makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlash, sog`lom raqobat uchun zarur sharoitlarni yaratish, ishbilarmonlik va investisiya muhitini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini jiddiy ravishda kamaytirish, yuqori iqtisodiy o`sish sur`atlarini saqlab qolish, “xufyona” iqtisodiyotga qarshi kurashish va uning ulushini keskin qisqartirish, valyuta siyosatini erkinlashtirishni davom ettirish;
- ijtimoiy rivojlanish sohasida – aholi o`rtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlarning daromadlarini oshirish, fan va uzluksiz ta`limni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va ular bilan aholini qamrab olishni kengaytirish, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni kuchaytirish, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib turar joy bilan ta`minlash va farovonligini oshirish, jamiyatda sog`lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, turizmni rivojlantirish;
- xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash, shuningdek, tashqi siyosat sohasida – mudofaa qudratini oshirish, Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash, milliy mudofaa sanoati kompleksini shakllantirish, ekologik xavfsizlikni ta`minlash, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ochiqlik, o`zaro teng va manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosiy faoliyat samaradorligini yanada oshirish.






