AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik talabalar o`z startaplari bilan "Creative Spark" dasturida qatnashishlari mumkin

'O`zbekistonlik talabalar o`z startaplari bilan "Creative Spark" dasturida qatnashishlari mumkin'ning rasmi

Innovasion rivojlanish vazirligi Britaniya Kengashining «Creative Spark» loyihasida hamkorlik qilmoqda, deb xabar berdi vazirlik axborot xizmati.

«Creative Spark» Buyuk Britaniya hamda Markaziy Osiyo (O`zbekiston, Qozo-g`iston, Qirg`iziston), Janubiy Kavkaz (Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya) va Ukraina davlatlarining universitetlari, ta`lim muassasalari o`rtasida faol tadbirkorlik sohalarini rivojlantirish bo`yicha xalqaro aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan besh yillik dastur bo`lib, talabalarda faol tadbirkorlik va tashabbuskorlik ko`nikmalarini shakllantirgan holda, jamiyatda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo`shishni asosiy maqsad qilib olgan.

«Kreativ iqtisod yurtimiz uchun yangilik bo`lgani bois bu ko`nikmalarni mahalliy oliy ta`lim muassasalari talabalari ichida keng targ`ib qilishda Innovasion rivojlanish vazirligi yaqindan ko`mak berish barobarida treninglar, o`quv va amaliy mashg`ulotlar, mahorat darslari o`tkazishda ko`mak beradi. O`quvchilar darslarda orqali faol tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun amaliy ko`nikmalarni qo`lga kiritib, kelgusida yurtimizning iqtisodiy ravnaqiga o`z hissalarini qo`shadilar», - deyiladi xabarda.

Loyiha davomida joriy yilning yanvar-mart oylarida «London Metropolitan University» xodimlari va hamkor tashkilotlar mutaxassislari tomonidan faol tadbirkorlik loyihalarini tayyorlash bo`yicha treninglar tashkil etiladi. Treninglarda faol qatnashgan talabalar o`z startap loyihalarini maxsus komissiyaga taqdim etadilar. Eng yaxshi loyihalar saralab olinib, loyiha mualliflari londonlik ekspertlar tomonidan tashkil etiladigan o`quv kursida qatnashadi va o`z loyihalarini yanada rivojlantirish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Iyun oyida loyihalarning yakuniy saralash bosqichi o`tkaziladi va eng yaxshi loyiha egasi o`z loyihasini London shahrida investorlarga taqdim etadi. Safar xarajatlari Britaniya kengashining «Creative Spark» uchun maxsus ajratilgan fondi tomonidan qoplanadi. Shuningdek, faol ishtirokchilar Britaniya kengashi va hamkor tashkilotlar tomonidan rag`batlantiriladi.

Batafsil ma`lumotni ushbu havola orqali olish mumkin.

    Boshqa yangiliklar