Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 4-bosqich talabasi 15 yanvar kuni jonsiz holda topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Xabar qilinishicha, uning jasadi 15 yanvar kuni ertalab soat 7:50 larda Yunusobod tumani, 12-dahada joylashgan piyodalar yo`lagidagi daraxtda arqonga osilgan holatda topilgan.
Voqea joyiga etib kelgan tezkor-tergov guruhi xodimlari tomonidan jasad ko`zdan kechirilganda, uning tanasida biror-bir tashqi tan jarohati izlari topilmagan.
Sudga oid tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, talabaning o`limi "bo`yin a`zolarini sirtmoq bilan siqilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya. Bo`ynida strangulyasion egat" natijasida yuzaga kelganligi aniqlangan.
Mazkur holat bo`yicha Yunusobod tuman prokuraturasida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Tekshiruvning borishi Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.






