Umumiy o`rta ta`lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizom tasdiqlandi (ro`yxat raqami 3118, 11.01.2019 y.).
Eslatib o`tamiz, Prezidentning 5.09.2018 yildagi PF-5538-son Farmonining 4-bandiga asosan 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab umumta`lim muassasalarining vasiylik kengashlari tugatildi. Ularning o`rnini kuzatuv kengashlari egallashi kerak.
Qabul qilingan hujjatda belgilanishicha, kuzatuv kengashlarini tashkil etish nodavlat maktablar uchun tavsiyaviy xususiyatga ega, davlat maktablarida esa – majburiy.
Kuzatuv kengashi 7 kishidan kam bo`lmagan tarkibda ota-onalar umumiy yig`ilishi tomonidan 3 yil muddatga saylanadi, deb yozadi Norma.
Bunda kengash tarkibiga ota-onalar orasidan kamida 2 nafar, bitiruvchilar orasidan 2 nafar va nafaqadagi pedagoglar orasidan 1 nafar hamda homiylar orasidan 2 nafar a`zo kirishi kerak. Kengash a`zolari teng huquqli, 1 ovozga ega bo`lib, ochiq ovoz beradilar (oshkora).
Maktab direktori, uning o`rinbosarlari va mazkur mansabdor shaxslarning yaqin qarindoshlarini kengashga saylash taqiqlanadi.
Kengashlarning asosiy vazifalari:
- Xalq ta`limi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlardan ta`lim muassasasi rahbarini saylash, shuningdek, belgilangan tartibda uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritish;
- ta`lim muassasasini rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlarini belgilash;
- ta`lim muassasasi rahbarining muassasa faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xo`jalik holati, daromadlar va xarajatlar, byudjet, byudjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablag`lardan foydalanish bo`yicha ko`rilgan chora-tadbirlar to`g`risidagi hisobotlarini vaqti-vaqti bilan tinglash;
- ta`lim muassasasi rahbarining taqdimnomasi bo`yicha yillik moliyaviy rejalarni, ko`rsatilayotgan pullik xizmatlar narxining miqdorlarini va muassasa mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqi miqdorini, shu jumladan auksiondagi boshlang`ich narxni ko`rib chiqish va tasdiqlash;
- o`quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring o`rnatish;
- o`quvchilar va ular ota-onalarining murojaatlarini ko`rib chiqish, ta`lim muassasasining pedagog va rahbar xodimlari faoliyati to`g`risida ijtimoiy so`rovlarni o`tkazish;
- ta`lim muassasasining faoliyatini tashkil etishga taalluqli boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish.
Kengash har chorakda kamida 1 marta yig`iladi, uning qarorlari esa bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. U 3 kun ichida xalq ta`limi organlariga yuborilishi kerak. Biroq, kengashlar o`z faoliyatida direktor tomonidan o`z qonuniy vakolatlarini amalga oshirishiga aralashishga haqli emas. Bunday faktlarda xalq ta`limi organlari kengashni tarqatib yuborib, keyinchalik yangi tarkibni saylashga haqli.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 14.01.2019 yildan kuchga kirdi.






