Polshaning Gdansk shahri meri Pavel Adamovich konsert vaqtida qilingan suiqasddan so`ng shifoxonada jon berdi, deb xabar berdi RIA Novosti nashri.
Pichoq bilan qurollangan erkak siyosatchiga xayriya konserti vaqtida hujum qilgan. Mer bir necha bor yurak sohasidan jarohat olgan. Shifokorlar merning hayoti uchun 5 soat kurashishganiga qaramay, siyosatchi vafot etgan. Bosqinchi qo`lga olingan, uning qotillikni sodir etishi sababi rasman ma`lum qilingani yo`q. Guvohlarning so`zlariga ko`ra, erkak hujum qilishi oldidan qonunga xilof ravishda qamoq jazosiga mahkum qilinganini aytib baqirgan.
Qotil Gdanskda yashaydigan 27 yoshli erkak bo`lib, u banklarni tunagani uchun qamalib chiqqan. Bir necha hafta avval u ozodlikka chiqqan. Shahar prokuraturasining ta`kidlashicha, gumonlanuvchi o`z aybini tan olmagan. Merning o`limi sababli Varshavada 3 kunlik, Polsha bo`ylab esa bir kunlik motam e`lon qilingan.






