Umumiy o`rta ta`lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Nizomga muvofiq, ta`lim jarayonining shaffofligini ta`minlash, jamoatchilik ta`sirini kuchaytirish, o`quvchilarning sifatli ta`lim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda ta`lim-tarbiya jarayonlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida har bir ta`lim muassasasida Kengash tashkil etiladi.
Ta`lim muassasasini rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlarini belgilash, shuningdek tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan ta`lim muassasasi rahbarini saylash Kengashning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Ta`lim muassasasi direktori yoki uning o`rinbosarlari, shuningdek, ularning yaqin qarindoshlari Kengash a`zolari sifatida saylanishiga yo`l qo`yilmaydi.
Ta`lim muassasasi rahbari Kengash ishini tashkil qilish uchun mas`ul hisoblanadi.
Kengash yig`ilishlari o`tkazilganligi haqida bayonnomalar yig`ilish o`tkazilgan kundan boshlab 3 kundan kechiktirmay tegishlicha Xalq ta`limi vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalariga taqdim etilishi lozim.
Kengash faoliyatiga tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limi aralashmaydi va unga hisobdor emas.
Kengash quyidagi vakolatlarga ega:
- Ta`lim muassasasi direktori lavozimiga tavsiya etilgan nomzodlarning mehnat faoliyati, xulq-atvori, tajribasi, tashabbuskorligi hamda jamoadagi obro`sini o`rganadi va tavsiya etilgan nomzodlar orasidan eng munosib nomzodni ochiq ovoz berish yo`li bilan direktor lavozimiga saylaydi;
- Kengash a`zolari tomonidan nomzodga qarshi ovoz berilgan taqdirda, uni direktorlik lavozimiga tayinlashni rad etish haqida nomzodni tavsiya etgan Xalq ta`limi vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga ma`lum qiladi;
- ta`lim muassasasi direktori va direktor o`rinbosarlarining boshqaruv faoliyati, ta`lim-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etilishi hamda o`quvchilar, ularning ota-onalaridan noqonuniy pul yig`imlari undirilmasligi bo`yicha jamoatchilik nazoratini o`rnatadi.
Kengash faoliyatiga ta`lim muassasasi rahbari, hududiy boshqarmalar, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlar aralashuviga yo`l qo`yilmaydi.






