2018 yilning 20-28 oktyabr kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida sport kurashlari bo`yicha o`tkazilgan jahon chempionatida polvonlarimizdan Elmurat Tasmuratov kumush, Bekzod Abdurahmonov esa bronza medalini qo`lga kiritgan edi. Shuningdek, o`tgan yilning 1-10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida og`ir atletika bo`yicha jahon chempionatida Akbar Jo`raev oltin, Doston Yoqubov kumush, Ruslan Nurudinov va Rustam Jangaboev bronza medallarini qo`lga kiritgandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 3 yanvardagi farmoyishiga muvofiq muzaffar sportchilarimiz va ularning murabbiylari pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida yuqoridagi ikkita jahon chempionati g`olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag`ishlangan marosim o`tkazildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvohidov Yurtboshimiz rahbarligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e`tibor samarasida mamlakatimiz yoshlari iste`dodli, azmu shijoatda tengsiz avlod bo`lib voyaga etayotgani, dunyoning turli mintaqalarida bo`lib o`tayotgan nufuzli musobaqalarda O`zbekiston sportchilarining yuksak g`alabalarni qo`lga kiritib, davlatimiz bayrog`ini baland ko`tarayotganida yaqqol namoyon bo`layotganini ta`kidladi.

Tadbirda oltin medalni qo`lga kiritgan sportchimiz A.Jo`raev 12 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. Jahon chempionatlarining kumush medalini qo`lga kiritgan D.Yoqubov hamda E.Tasmuratov 6 ming, bronza medalini qo`lga kiritgan sportchilarimiz B.Abdurahmonov, R.Nurudinov va R.Jangaboevlar esa 3 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotiga ega bo`lishdi.

Shuningdek, jahon chempionatida birinchi o`rinni egallagan sportchimizning murabbiyi 6 ming AQSh dollari, kumush medal sohiblarining murabbiylari 3 ming AQSh dollari va bronza medalini qo`lga kiritgan sportchilarning murabbiylari esa 1,5 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo`lishdi.
Tadbirda o`tgan yilgi sport mavsumida ulkan g`alabalari bilan mamlakatimiz sharafini ko`klarga ko`targan og`ir atletikachimiz Akbar Jo`raev mamlakatimizning 2018 yildagi eng yaxshi sportchisi deya e`tirof etildi va Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan 10 ming AQSh dollari bilan taqdirlandi.
– Dunyo maydonlarida xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini oqlaganimdan behad xursandman, – deydi og`ir atletikachi A.Jo`raev. – Qo`lga kiritgan g`alabalarim sharafiga Vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrog`imiz ko`tarilganida cheksiz faxrni his qildim. Bular mustaqilligimiz sharofati, davlatimiz rahbari tomonidan sportchilarga ko`rsatilayotgan alohida g`amxo`rlik mevasi, ustozlarimiz bilan yillar davomida olib borgan mehnatlarimiz mahsulidir. Mening kamtarona mehnatlarimni shunday yuksak baholagan Prezidentimizdan minnatdorman. Kelgusi musobaqalarda ham bundan-da yuqori natijalarni qayd etishga intilaman.











