Qashqadaryo viloyatida O`zbekiston ko`zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi tashabbusi bilan ko`rish imkoniyati cheklanganlar o`rtasida “Kompyuter savodxonligi” respublika ko`rik-tanlovi bo`lib o`tdi.
Respublikamizda yashovchi ko`zi ojizlarning kompyuter savodxonligi bo`yicha imkoniyatlarini kengaytirish, ularning zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan muloqotini yanada kengroq yo`lga qo`yish maqsadida tashkil etilgan ushbu ko`rik-tanlovda respublikaning barcha hududlaridan 15 nafar kompyuter bilimdonlari bellashdi.
Ko`rik-tanlov doirasida “Ko`rish bo`yicha imkoniyati cheklangan shaxslarni kompyuter savodiga o`rgatish: muammo va echimlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda so`zga chiqqanlar O`zbekiston ko`zi ojizlar jamiyati tizimida ko`rish imkoniyati cheklangan shaxslarga kompyuter savodxonligini o`rgatishning hozirgi ahvoli, ularning huquqiy asoslarini o`rganish, mavjud ijtimoiy shart-sharoitlar haqida to`xtalishdi.
Ko`rik-tanlovda birinchi o`rin Farg`ona viloyati, ikkinchi o`rin Qoraqalpog`iston Respublikasi, uchinchi o`rin esa Qashqadaryo viloyati vakillariga nasib etdi. G`oliblar va barcha ishtirokchilar diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.
Manba: “Turkiston-Press”NAA





