Urganch shahrida 28-29 oktyabr kunlari “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo`yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo`lib o`tadi, deya xabar bermoqda O`zA. Shu munosabat bilan agentlik muxbiri bir necha ishtirokchi bilan aynan shu mavzuda suhbatlashdi.
Neno Kukurich, Er osti suvlari resurslarini baholash bo`yicha xalqaro markaz (IGRAC) direktori (Niderlandiya):
– Orol muammosi nafaqat muayyan mamlakat yoki mintaqa, balki jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masaladir. Urganchda o`tadigan konferensiya mintaqadagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo`yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan samarali dastur hamda loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Suv tanqisligini oldini olishning eng maqbul yo`li undan samarali foydalanishdir. O`zbekistonda suv resurslaridan tejamli, maqsadli va oqilona foydalanish choralari ko`rilayotgani e`tiborga molik. Bu borada mamlakatingizning tegishli vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda qo`shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish ustida ish olib bormoqdamiz.
Ismoil Mahbub, Malayziya eksport-import banki direktori:
– Xalqaro anjuman arafasida ko`p yillik niyatim ushalganidan – O`zbekistondek maftunkor diyorga kelganimdan juda baxtiyorman. Toshkent va Samarqanddek qadimiy va ayni paytda zamonaviy shaharlaringizdagi noyob me`moriy obidalar, tarixiy yodgorliklarni ko`rish, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkoniga ega bo`lganimdan xursandman. O`zbekiston sayyohlik borasida ulkan salohiyatga ega ekaniga amin bo`ldim. Ko`plab malayziyaliklar bejiz bu yurtga kelishga katta qiziqish bildirmas ekan. Zero, bu fusunkor va jannatmonand diyorning har qarich eri muqaddas, har go`shasi fayzlidir.
Toshkentdagi bir necha banklar faoliyati bilan tanishdim. Shunga ishonch hosil qildimki, O`zbekistonda g`oyat barqaror va ishonchli bank tizimi shakllangan. Banklarning puxta mexanizm asosida ish yuritishi menda katta taassurot qoldirdi.
Urganchda o`tadigan xalqaro anjuman Orolbo`yi mintaqasi muammosiga echim topishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonamiz.
Xuan Alberti, “Oproler” kompaniyasi direktori (Ispaniya):
– Kompaniyamiz suvni tozalash va energika tarmog`ida ilg`or texnika va texnologiyalar ishlab chiqaradi. Mahsulot va xizmatlarimizni o`zbekistonlik mutaxassislarga taklif etish, bu borada yaqin va faol hamkorlik aloqalarini o`rnatishdan mamnunmiz.
Orol inqirozining atrof-muhitga, odamlar hayotiga salbiy ta`sirini kamaytirish bugungi kundagi muhim vazifa hisoblanadi. O`ylaymanki, xalqaro konferensiyada jahon hamjamiyati hamkorligida bu borada samarali loyihalar ishlab chiqiladi.
Konferensiyada suv resurslaridan oqilona foydalanish bo`yicha O`zbekiston va boshqa mamlakatlar tajribasini o`rganish, fikr almashish, axborot olish hamda bu borada qo`shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borishni rejalashtiryapmiz.





