AsosiyJamiyat

“Til, taraqqiyot va ma`naviyat” - O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 25 yil bo`ldi

Yoshlar ijod saroyida o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 25 yilligiga bag`ishlab “Til, taraqqiyot va ma`naviyat” mavzusida ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi.
Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, yozuvchi va shoirlar, ma`naviyat targ`ibotchilari, oliy o`quv yurtlari professor-o`qituvchilari, san`atkorlar, talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ona tilimizning davlat tili sifatidagi o`rni va ahamiyatini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar yuksak samaralar berayotganini ta`kidlandi.
O`zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanishga puxta zamin yaratishi bilan birga mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari hurmat qilinishida muhim huquqiy asos bo`lmoqda.
Istiqlol yillarida yurtimizda barcha sohalarda bo`lgani kabi ona tilimiz taraqqiyotida ham muhim o`zgarishlar yuz berdi. O`zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuvlar, muzokaralarda tilimiz keng qo`llanilayotgani, xorijdagi ko`plab universitetlar, ilmiy muassasalarda o`zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni o`rganishga qiziquvchilar safi tobora ortib borayotgani buning yaqqol dalilidir.
Yaponiyalik talaba Yuna Xirota Tokio chet tillar universitetini tamomlab, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o`zbek tilini mukammal o`rganmoqda.
– Maktabda o`qib yurgan kezlarimda O`zbekiston, uning qadimiy tarixi, buyuk allomalari haqida ilk tasavvurga ega bo`lganman, – deydi Yu.Xirota. – Bu maftunkor diyorga, uning jozibali tiliga, tarixiga, boy ma`naviyatiga bo`lgan qiziqish meni yurtingizga ohanrabodek tortdi. O`qishni tamomlab, Tokio universitetida o`zbek tilidan dars berish niyatidaman.

Tadbirda yurtimiz va xorijlik talabalar mumtoz she`riyatimizdan namunalarni o`qib berdilar. San`at ustalari va ijrochi yoshlar, bolalar badiiy jamoalari ishtirokida konsert namoyish etildi.

* * *
Shu kuni Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida ham “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun munosabati bilan «Ona tilim – jon tilim» mavzusida ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi.
Unda ta`kidlanganidek, istiqlol yillarida navqiron avlodni milliy ana`ana va qadriyatlarimiz, ona tilimizga ehtirom ruhida kamol toptirishga ustuvor vazifa sifatida e`tibor qaratilmoqda.
O`zbek adabiy tili ravnaqini buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning benazir ijodi, ilmiy-ma`rifiy faoliyatidan ayri tasavvur etib bo`lmaydi. Mazkur ziyo maskanida o`zbek tilining taraqqiyot bosqichlariga oid ko`plab nodir asarlar, qo`lyozmalar, tilshunoslikka doir kitoblar, audio materiallar saqlanadi.
Tadbir doirasida o`zbek tilshunosligiga oid kitoblar ko`rgazmasi tashkil etildi.

uza.uz

    Boshqa yangiliklar