Bir necha kun oldin Belgiyaning Sog`liqni saqlash vaziri etib 52 yoshli Meggi de Blok tayinlangandi. Biroq ish faoliyatining ilk kunlaridanoq u ommaning ortiqcha vazn borasidagi tanqidiga uchramoqda. Aytish lozimki, Meggi de Blokning og`irligi 128 kilogrammni tashkil etadi. Odamlarning so`zlariga ko`ra, ortiqcha vazndan aziyat chekadigan inson sog`lom hayot tarzini olib boruvchi shaxs sifatida atrofdagilarga namuna bo`la olmaydi.
Meggi de Blok Belgiyada taniqli siyosatchilardan hisoblanadi. Sog`liqni saqlash vaziri etib tayinlangach, ba`zi OAV vakillari uning sport va sog`lom ovqatlanishni targ`ib etish vazifasini eplay olishiga shubha bilan qarashlarini aytishgandi. Ushbu mamlakat uchun esa bunday targ`ibot ishlari muhimligi aytilmoqda, sababi statistik ma`lumotlar bo`yicha aholining 47 foiz ortiqcha vazn muammosidan aziyat chekadi.
Biroq Blok xonim bu kabi fikrlarga qo`l siltamoqda. Unga shunday deguvchilarga “Mening tashqi ko`rinishimga qarab baho bermang, men model emas, siyosatchiman”, - deya e`tiroz bildiradi.





