Bugun, 11 oktyabr kuni soat taxminan 15.00 larda Toshkent metropolitenining "Chilonzor" yo`nalishida yo`lovchilar to`planib qolgan.
"Darakchi plyus" gazetasining muxbiri ushbu holatni shunday izohladi:
"Paxtakor" metro bekatida juda ko`p odam to`planib qolgan edi. "Olmazor" bekatiga ketuvchi yo`lda bo`sh poezd turgan edi, lekin vagonlarning eshigi yopiq edi. Birozdan keyin ushbu poezd harakatlanib, boshqa poezd keldi. Yo`lovchilar bo`sh vagonlarga kira boshladilar. Lekin shunda ham poezd harakatlanmadi. Shunda stansiya navbatchisi, bu poezd yurmasligini, boshqa poezdni kutib turishni aytdi.
Shu paytda qarama-qarshi yo`nalishda ham poezd bo`sh vagonlari bilan keldi. Besh daqiqadan keyin ushbu poezd vagonlaridagi eshiklar ochildi. Vagonlar to`ldi".
Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida "Toshkent metropoliteni" UK korxonasiga qo`ng`iroq qildik. Lekin go`shakni hech kim ko`tarmadi.
Umid qilamiz, mutasaddilar bunga izoh berishadi.

Yuqoridagi suratda: "Paxtakor" metro bekatida poezd yurgandan keyin.
Pastdagi rasm: "Mustakillik maydoni" metro bekati, odatda bu erda odam ko`p bo`lmaydi.






