Shu kunlarda Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahrida an`anaviy “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob ko`rgazmasida “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashr etilgan bir qator adabiy-badiiy, ma`naviy-ma`rifiy adabiyotlar namoyish etilmoqda.
Chunonchi, zamonaviy o`zbek bolalar shoiri va yozuvchisi Bahrom Akbarovning “Mitti botir” nomli nasriy asari nemis va jahon kitobxonlariga taqdim etildi. Ushbu kitobda Mitti botir – Boychechakning ko`rsatgan jasorati hamda qahramonliklari aks etgan. “Mitti botir”da garchi o`simlik bo`lsa-da, o`z zamini uchun kurashgan maysa va gullarning mardligi aks etgan voqealar o`quvchini befarq qoldirmaydi. Zero, Vatan ozodligi uchun kurashganlar hech qachon unutilmaydi. Ushbu ertak-asar shunisi bilan ahamiyatlidir. Eng asosiysi esa kitobni nemis o`quvchilari ham bemalol o`z ona tillarida mutolaa qilishlari mumkin. Negaki asar ustoz tarjimon Xurram Rahimov tomonidan nemis tiliga o`girilgan.
Shuningdek, jahonshumul ko`rgazmada nemis shoiri va ulug` nemis adibi Gyotening do`sti hamda kotibi Iohann Peter Ekkermanning “Gyote bilan gurunglar” (nemis tilidan Yanglish Egamova tarjimasi), “Nemis mutafakkirlarining hikmatlari” (mazkur kitob ham o`zbek va nemis tillarida), Xurram Rahimovning “O`zbek sehrli ertaklarining nemischa tipologik katalogi”, Yo`ldosh Muqimovning o`ziga xos tarzda bitilgan “Yo`l uzoq – ko`ngil yaqin. (Baron Myunxgauzen va Xo`ja Nasriddinning yangi sarguzashtlari)”, XX asrning eng yorqin adiblaridan biri Erix Mariya Remarkning “Lissabondagi tun”, nemis faylasufi va psixologi Erix Frommning “Inson qalbi” kitoblari, qolaversa, o`zbek va rus adabiyotining mumtoz va zamonaviy namunalari ishtirok etmoqda.
O`ylaymizki, nashriyot-matbaa ijodiy uylarimizda chop etilgan ushbu kitoblar munosib tarzda e`tirof etilib, dunyo kitobxonlarining ko`nglidan joy oladi.
O`zMAA “O`zbekiston” NMIU
Matbuot xizmati






