Kecha, 10 oktyabr kuni Toshkentning «Chinni bozori» - Qoraqamish 2/4 yo`nalishi bo`ylab harakatlanuvchi «Mercedes-Benz Low Floor» rusumli 87-avtobusda yong`in chiqdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Yong`in soat 14:52da avtobus Uchtepa tumanidagi Ko`kcha Darvoza ko`chasidan o`tayotganda sodir bo`lgan.
Tezkor harakatlar natijasida yong`in 15:01da bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida transport vositasining motor bo`lmasi yonib ketgan.
Haydovchi va yo`lovchilarga zarar etmagan.
Yong`inga avtobusning yoqilg`i tizimidagi buzilish sabab bo`lgani taxmin qilinmoqda.






