“ToshkentAvtosavdo” MChJda amalga oshirilgan tekshiruv chog`ida tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi aniqlandi.
Dilerlik korxonasida mavjud hujjatlar o`rganilganda, 2018 yil avgust-sentyabr oylarida sotilgan avtomobillar bo`yicha tuzilgan noqonuniy hujjatlar mavjudligi, sotilgan avtomobillar bo`yicha to`lov rejasida qoidabuzarliklar, avtomobillarni sotish bo`yicha tizimli ishlar ta`minlanmaganligi kabi holatlar aniqlandi.
Shuningdek shartnomalarni rasmiylashtirishda bir qator qoidabuzarliklar, xususan, avtosalon muhri, mijozlar imzosi, pasport nusxalari hamda to`lov amalga oshirilganligi haqidagi hujjatlarning yo`qligi namoyon bo`ldi.
Bundan tashqari, 37 dona avtomobil etkazib berish to`g`risidagi shartnoma xaridorlar ishtirokisiz tuzilganligi ma`lum bo`ldi. Shuningdek avtomobillarni sotishda ilova qilingan hujjatlarda mijozlarning imzolari soxtalashtirilganligi ehtimoli tekshirilmoqda.
“ToshkentAvtosavdo” MChJga amalga oshirilgan ko`chma tekshiruv chog`ida tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi aniqlandi va buning natijasida ushbu korxonaga yangi boshqaruv raisi Dilshodbek Bakiev tayinlandi.






