AsosiyJamiyat

Yod tanqisligini davolovchi milliy dori vositasi yaratildi

'Yod tanqisligini davolovchi milliy dori vositasi yaratildi'ning rasmi

Uni Toshkent farmasevtika institutining Farmasiya yo`nalishi 5-bosqich talabasi Sunnatullo Fazliev yod tanqisligini davolovchi dori vositasini ixtiro qildi, deb xabar bermoqda O`zA.

– Hozirga qadar yod tanqisligida tavsiya etiladigan dori vositalari chetdan olib kelinardi, – deydi S.Fazliev. – Albatta, ustiga qo`shimcha narxlar qo`shilgach, qimmatlashadi. Hamma ham sotib ololmaydi. O`zbekistonda esa bunday dori vositasi yo`q edi.

Birinchi bosqichdan buyon ustozlar ko`magida ishlab birinchi mahalliy preparatni yaratdik. U arzon va samarador. Eng muhimi 90 foiz mahalliy xomashyodan olinadi. Agarda xorijdan kirib kelayotgan bunday dorilar 20-30 ming so`m bo`lsa, yangi dorining narxi 12-13 ming so`m oralig`ida bo`ladi. Bunda kerakli moddalar “mehmon -mezbon” usulida birlashtirilgan. Inson tanasi uchun ortiqcha bo`lgan yod moddasi boshqa moddalar bila birlashib, noxush holatlarni keltirib chiqarmaydi. Balki, keraklisi tanada qolib, ortiqchasi chiqib ketadi.

Ayni vaqtda ixtiro Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasiga ko`rib chiqish va tibbiyot amaliyotiga ruxsat olish uchun taqdim etilgan.

Bilamizki, yod tanqisligi Markaziy Osiyo aholisi uchun dolzarb masalalardan biri. Vaholanki, bu modda etishmasligi tufayli yosh bolalar aqliy rivojlanishdan ortda qolib ketishi mumkin.

Shu o`rinda qayd etish joizki, Sunnatullo Fazliev 2014 yilda “O`zbekiston belgisi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi. 2017 yilning mart oyida Belarusda o`tkazilgan kimyo, fizika, biologiya va matematika fanlaridan kompleks tuzilgan “STEND” olimpiadasida bronza medali sohibi bo`ldi.

Yosh ixtirochi Xalqaro sud toksikologlari assosiasiyasi, Dorilarning terapevtik monitoringgi va klinik toksikologiya xalqaro assosiasiyasi a`zosi hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar