Shu yilning 15-17 oktyabr kunlari O`zbekiston davlat konservatoriyasi binosida “Kamalak yulduzlari-2014” bolalar ijodiyoti festivalining Toshkent shahar bosqichi bo`lib o`tadi. Unda tuman bosqichlarida g`olib bo`lgan 410 nafar bolalar o`zaro bellashadi.
Uch kun davomida ishtirokchilar o`z iqtidorlarini hakamlar va ommaga namoyish etadilar. G`oliblarni taqdirlash va gala-konsert esa 17 oktyabr kuni Yoshlar ijod saroyida o`tkaziladi.
El orasida tanilgan, tajribali va yuqori malakali mutaxassislar, davlat mukofotlari va boshqa unvonlarga sazovor bo`lgan san`atkorlar, rassom hamda hunarmandlar, xoreograflar, shoir va yozuvchilardan iborat nufuzli hakamlar hay`ati ishtirokchilarni quyidagi 6 yo`nalish bo`yicha baholashadi:
“A” yo`nalishi — fortepiano, torli-kamonli, damli va zarbli cholg`u asboblari;
“V” yo`nalishi — milliy va akademik ijro, estrada, folklor va xor guruhlari;
“S” yo`nalishi — plektorli, kamonli, damli va zarbli xalq cholg`u asboblari;
“D” yo`nalishi — milliy, ball va zamonaviy raqslar;
“E” yo`nalishi — tasviriy (grafika, rang-tasvir, haykaltaroshlik) va amaliy san`at (zardo`zlik, do`ppido`zlik, quroqchilik, gilamdo`zlik, qo`g`irchoqchilik, kashtachilik, gobelen, batik, naqqoshlik, ganchkorlik, kulolchilik, yog`och o`ymakorligi, misgarlik, kandakorlik, toshtaroshlik);
“G`” yo`nalishi — nasriy (ertak, hikoya, qissa, roman) nazm asarlari ( she`r, g`azal, doston).
Joriy yilda butun respublikamizdan 36 ming kishi, Toshkent shahridan esa 5 ming 800 nafar o`g`il-qiz festivalda ishtirok etish istagida ariza topshirgan.
“Kamalak yulduzlari-2014” bolalar ijodiyoti festivali “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va Xalq ta`limi vazirligi tomonidan o`tkazilmoqda. Unda 6 dan 14 yoshgacha bo`lgan bolalar o`z iqtidorini butun mamlakatga namoyon qilish imkoniga ega bo`ladi.





