O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida “Advice.uz” Yagona axborot portalini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu portal fuqarolarga tadbirkorlik, ijtimoiy va huquqiy himoya bo`yicha turli masalalarda bepul maslahat beradi.
Mazkur loyihani muvaffaqiyatli ishga tushirish maqsadida O`zbekiston delegasiyasining London shahriga amaliy tashrifi tashkil etildi. Tashrif davomida aholiga maslahat berish bo`yicha Buyuk Britaniyaning eng yaxshi amaliyoti o`rganildi, “Citizens Advice” tarmog`idagi tashkilot va departamentlar vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazildi. 1939 yildan buyon faoliyat yuritayotgan mazkur tarmoq Birlashgan Qirollikdagi 316 mustaqil xayriya tashkilotini o`zida birlashtiradi. Hozirgi kunda u fuqarolarga telefon, elektron aloqa, internet tarmog`i, Webchat xizmati va Citizens Advice jamoatchilik sayti orqali bepul axborot va maslahatlar berib kelmoqda. O`zbekistonda ushbu tarmoqning muqobil shaklini yaratish rejalashtirilmoqda.
Mamlakatimiz Adliya vazirligi mutaxassislari britaniyalik hamkasblarini “Advice.uz” Yagona axborot portali” loyihasi bilan tanishtirdi.
O`z navbatida, Fuqarolar maslahatlari byurosi milliy uyushmasi (National Association of Citizens Advice Bureux – NACAB) vakillari ham delegasiya a`zolariga uyushma faoliyatini yuksak baholagani uchun minnatdorlik izhor qildi va “Advice.uz” loyihasini amalga oshirishda axborot va ekspert ko`magi ko`rsatish orqali yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, “Advice.uz” portalini yaratishda britaniyalik vakillar ishtirokiga doir masalalar ham ko`rib chiqildi. O`zbekiston delegasiyasining Buyuk Britaniya poytaxtiga navbatdagi tashrifi davomida bu borada tegishli hujjat imzolanishi rejalashtirilmoqda.






