AsosiyJamiyat

Garov shartnomasi bilan aliment to`lovchi shaxsning xorijga chiqishi cheklanmaydi

'Garov shartnomasi bilan aliment to`lovchi shaxsning xorijga chiqishi cheklanmaydi'ning rasmi

Hukumat qarori bilan Alimentlarni oldindan to`lash, shuningdek, aliment to`lash majburiyatini ta`minlash bo`yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.

Nizomga muvofiq, davlat ijrochisi ish yurituvida bo`lgan ijro hujjati bo`yicha qarzdor tomonidan undiruvchiga alimentlarni oldindan to`lash hisobiga ko`chmas yoki ko`char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyo taqdim etilishi mumkin.

Alimentlar summasini oldindan to`lash yoki alimentlar to`lash majburiyati bo`yicha garov tuzish faqat qarzdorning aliment to`lovlaridan qarzdorligi mavjud bo`lmaganda amalga oshiriladi.

Aliment to`lash bo`yicha garov shartnomasining tuzilishi aliment to`lovchi shaxsga belgilangan O`zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklashni olib tashlash uchun asos hisoblanadi.

Alimentlarni oldindan to`lash bola voyaga etguniga qadar har qanday davr uchun amalga oshiriladi.

Buning uchun fuqarolik ishlari bo`yicha sudga ariza bilan murojaat etiladi.

Arizaga Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo`limi tomonidan berilgan aliment to`lovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi to`g`risidagi ma`lumotnoma, shuningdek, davlat ijrochisining oldindan to`lash belgilangan alimentlar summasini hisoblash to`g`risidagi qarori ilova qilinadi.

Oldindan to`lash belgilangan alimentlar summasi esa tegishli formula bo`yicha hisoblanadi.

Shuningdek, ushbu qaror bilan alimentlarni to`lash majburiyatini garov bilan ta`minlash tartibi belgilanib, unga ko`ra har qanday mol-mulk garov predmeti bo`lishi mumkin ekani belgilandi.

Bunda garov qiymati eng kam oylik ish haqining ikki yuz ellik baravaridan kam bo`lmasligi kerak.

Aliment to`lash majburiyatini garov bilan ta`minlash to`g`risidagi garov shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanadi.

    Boshqa yangiliklar