AsosiySiyosat

O`zbekiston va Fransiya Prezidentlarining muzokaralari samarali bo`ldi

'O`zbekiston va Fransiya Prezidentlarining muzokaralari samarali bo`ldi 'ning rasmi

Elisey saroyida 9 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Shavkat Mirziyoev Emmanuel Makronga Fransiyaga taklifi hamda O`zbekiston delegasiyasiga ko`rsatilayotgan mehmondo`stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O`zbekiston ishonchli va istiqbolli sherik bo`lgan Fransiya bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini alohida ta`kidladi.

Fransiya davlatimiz rahbari rasmiy tashrif bilan kelgan Evropadagi birinchi mamlakat ekanini qayd etib, ikki mamlakatni buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur va Fransiya qiroli Sharl VI davridan buyon o`rnatilgan o`zaro hurmat va savdo aloqalari bog`lab turganiga e`tibor qaratdi.

O`zbekiston Fransiyani dunyoning etakchi davlatlaridan biri, ulkan siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar salohiyatga ega mamlakat deb biladi.

Bugungi kunda O`zbekistonda amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasi bilan Fransiya rahbarining islohotlar dasturi siyosiy va iqtisodiy modernizasiya, qonun ustuvorligini ta`minlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish, hokimiyat organlari faoliyatini xalq va davlat manfaatlariga xizmat qilishga yo`naltirish jihatidan o`xshash ekani ta`kidlandi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish muhimligini qayd etdilar.

Fransiya Prezidenti O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlarni qo`llab-quvvatlayotganini tasdiqladi hamda mamlakatimiz rahbariyatining do`stlik, o`zaro manfaatli sheriklik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuksak baholadi.

Ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishga doir yondashuvlari yaqin yoki mos ekani ta`kidlandi.

O`zbekistonning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoning tinch va izchil taraqqiyotini ta`minlash maqsadida o`zaro manfaatli hamkorlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim rol o`ynayotgani alohida ta`kidlandi.

Davlat rahbarlari mintaqada tinchlik va osoyishtalikni ta`minlashning muhim sharti sifatida Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish zarurligini yana bir bor ta`kidlab, bunda oldindan hech qanday shart qo`ymasdan mojaroning barcha tomonlari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri siyosiy muloqotni ta`minlash ushbu muammoni hal etishning birdan bir yo`li ekanini qayd etdilar.

Keyingi yillarda siyosiy muloqot faollashgani va bundan buyon muntazamlik kasb etishi lozimligi ta`kidlandi.

Hukumatlar va vazirliklar darajasida muntazam muloqot amalga oshirilmoqda. Tashqi siyosiy idoralar o`rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o`tkazilmoqda. Parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanmoqda.

Savdo-iqtisodiyot, investisiya, energetika, texnologiyalar, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasi faoliyatiga alohida ahamiyat qaratildi. O`zaro savdo hajmini ko`paytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli investisiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

O`zbekiston Respublikasi bilan Evropa Ittifoqi o`rtasida sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitimga muvofiq o`zaro savdoda eng ko`p qulaylik yaratish tartibi o`rnatilgan, Ikki tomonlama soliq solishga yo`l qo`ymaslik to`g`risida konvensiya va boshqa hujjatlar imzolangan.

Shu munosabat bilan Evropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Fransiya tadbirkorlari harakati - “MEDEF” bilan birgalikda tashkil etilgan biznes forum yakunida Evropaning ilg`or tajribasi, bilimlari va texnologiyalari asosida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo`yicha kelishuvlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan umumiy qiymati 600 million evroga yaqin infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo`yicha hamkorlik dasturi imzolandi.

Fransiyaning «Eyrbas», «Total», «Total Eren», «Vinchi», «Orano», «Veoliya», «Fivs Shteyn», «Buig», «Ranjis» va boshqa ko`plab kompaniyalari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirishga kelishib olindi.

Uchrashuvda madaniyat va san`at, turizm, fan va texnika, ta`lim, sog`liqni saqlash, arxeologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari O`zbekistonga kelayotgan fransiyalik turistlarga nisbatan vizasiz tartib joriy etilgani va Fransiya bu borada Evropaning birinchi mamlakati bo`lganini ta`kidladi.

Mamlakatimizda fransuz tilini 300 ming nafar maktab o`quvchilari va talabalari o`rganmoqda. Yaqinda Toshkentda Fransuz tili va madaniyati markazi tashkil etildi.

Iqtisodiyot, muhandislik ishi, qishloq xo`jaligi, turizm kabi yo`nalishlar bo`yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida O`zbekistonda Strasburg universiteti va Panteon Sorbonna universiteti Parij akademiyasi filiallarini ochish borasida kelishuvlarga erishildi.

Mamlakatimiz tarixiy va madaniy merosiga ulkan qiziqishni hisobga olib, 2021 yilda Luvr muzeyida O`zbekiston tarixiga bag`ishlangan ko`rgazma o`tkazish xususida kelishuvga erishildi. Bu Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi mamlakatlaridan biriga bag`ishlab Luvrda o`tkaziladigan ilk shunday tadbir bo`ladi.

Tashrif doirasida avtomobil transportida tashish, turizm, harbiy-texnikaviy hamkorlik, texnik ko`mak, kosmosni tadqiq etish, investisiya loyihalarini moliyalashtirish, madaniyat va boshqa sohalarga oid hukumatlararo va idoralararo 10 ta hujjat imzolandi.

Muzokaralar yakunida hujjatlar o`zaro almashildi.

Davlat rahbarlarining samarali muzokaralari O`zbekiston va Fransiya o`zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga, uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyor ekanining yorqin tasdig`i bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar