Afsuski ayollarimiz tomonidan o`z qonuniy haq-huquqlarini bilmasliklari ularning hayotlarida fojiali oqibatlarga olib keladi. O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan himoyaga olingan Farg`ona viloyatida yashovchi M.Sh. bilan yuz bergan hodisa bunga yaqqol misol bo`la oladi.
Ma`lum bo`lishicha, M.Sh. fuqaro A.A. bilan shar`iy nikoh asosida ikkinchi xotin bo`lib yashab kelgan. Ularning munosabatlari davomida ayol doimiy ravishda eri tomonidan kaltaklanib, g`ayritabiiy usulda zo`ravonlik ishlatilib, o`ldirish bilan qo`rqitilib, g`ayriqonuniy ravishda ozodlikdan cheklab kelingan.
Navbatdagi zo`ravonlikdan qo`rquv oqibatida homilador bo`lgan ayol uyining 3-qavatdan o`zini tashlagan. Oqibatda ayolga tez yordam ko`rsatilib, kasalxonaga olib ketilgan. Vaziyat huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olinib, fuqaro A.A.ga nisbatan esa jinoiy ish qo`zg`atilgan.
Ayol bo`lib o`tgan hodisalar yuzasidan keyinroq O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasiga murojaat qildi, Qo`mita holatni o`rganib, ayol huquqlari sud jarayonida himoya qilinishini ma`lum qilishdi. Ayolning kelgusi hayoti yo`lga qo`yilishiga Qo`mita tomonidan tegishli yordam ko`rsatiladi.
Ayni damda erkak ustidan tergov tadbirlari nihoyasiga etdi va ish sudga oshirildi.
Bu kabi noxush vaziyatlarga duch kelmaslik uchun biz ayollardan o`z taqdirlariga befarq bo`lmasliklarini, noqununiy munosabatlarga kirishmasliklarini va o`z haq-huquqlarini bu tarzda poymol qilmasliklarini so`rab qolgan bo`lardik.
Eslatib o`tamiz, Xotin-qizlar qo`mitasi zo`ravonlikka duch kelayotgan ayollarga ko`mak berish maqsadida yagona 1146 – “Ishonch telefon” larini ishga tushirdi.






