AsosiyJamiyat

Chorva orasida epidemiya tarqab, mollar nobud bo`layotgani haqidagi ma`lumotlar tasdiqlanmadi

'Chorva orasida epidemiya tarqab, mollar nobud bo`layotgani haqidagi ma`lumotlar tasdiqlanmadi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmda chorva orasida epidemiya tarqab, mollar nobud bo`layotgani haqida ma`lumot tarqalgan edi.

Mazkur xabarga aniqlik kiritish maqsadida Davlat veterinariya qo`mitasi va Xorazm viloyati hokimligi vakillari hamkorlikda “Gulobod” qishlog`iga borib, epizootik surishtiruv va o`rganishlar olib borishdi.

Xorazm viloyatining Yangiariq tumani “Gulobod” qishlog`i hududida 1860 xonadon bo`lib, ular parvarishlayotgan 6228 bosh qoramol va qariyb to`rt ming bosh mayda shoxli mol ro`yxatga olingan. Mazkur chorva hayvonlarining barchasida epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar belgilangan grafikka muvofiq, hayvonlarning immun fonidan kelib chiqib, amalga oshirilmoqda.

2018 yilning 7 oktyabrida tashkil etilgan ishchi guruhi “Gulobod” qishlog`i hududidagi mavjud chorva hayvonlarini birma-bir ko`rikdan o`tkazdi. Ularda yuqumli kasalliklar, xususan nodulyar dermatit kasalligiga xos bo`lgan klinik belgilar topilmadi. Klinik ko`rik jarayonida 13 bosh xirurgik, 3 bosh oziqadan zaharlanish hamda 7 bosh shamollash kasalliklariga chalingan qoramol aniqlanib, ularda belgilangan tartibda davolash ishlari amalga oshirilayotgani ma`lum bo`ldi.

O`tgan davr mobaynida hududda 3 bosh qoramol nobud bo`lgan. Ular patologik (yorib ko`rish usuli orqali) o`rganilganda “Travmatik perikardit” va “Jigar serrozi” kasalliklari oqibatida nobud bo`lganligi tasdiqlandi.

Shuningdek, “Gulobod” hududidagi qoramollarda nodulyar dermatit kasalligiga qarshi rejali ravishda profilaktik emlash ishlari o`tkazilgan. Emlangan hayvonlarning 14 tasida emlashdan keyingi asoratlar kuzatilgan va ularda simptomatik (asoratlarni yo`qotishga qaratilgan) davolash ishlari o`tkazilgan.

Shu o`rinda nodulyar dermatit kasalligi haqida (Dermatitis nodularis bovum, zarazny uzelkovy dermatit) izoh berishni lozim ko`rdik. U – davomli isitma, limfa tizimining zararlanishi, teri osti to`qimalari va ichki organlar shishi, terida tugunchali toshmalar, nekrozlanuvchi o`choqli teri bo`rtmalari (g`adir-budur shish) hosil bo`lishi, ko`z va nafas hamda hazm qilish organlari shilliq pardalarining zararlanishi bilan tavsiflanuvchi kontagioz infeksion kasallik hisoblanadi.

Hayvonlar nodulyar dermatit kasalligini dermatofilyoz – bunda teri qoplamining yuza qavatlarida bo`rtib turuvchi papulalar hosil bo`lishi bilan tavsiflanuvchi terining surunkali jarohatlanishi, hasharotlar chaqishiga teri reaksiyasidan hamda so`na lichinkasi jarohatlaridan farqlash lozim.

Odamlar nodulyar dermatit kasalligi bilan kasallanmaydi.

Davlat veterinariya qo`mitasi axborot xizmati joyida haqiqiy holatni o`rganish natijalariga asoslangan holda “Xorazmda chorva orasida epidemiya tarqab, mollar nobud bo`lmoqda” sarlavha ostida tarqatilgan ma`lumotlar asossiz ekanligi va tasdig`ini topmaganligini ma`lum qilmoqda.

Shuningdek, Yangiariq tuman fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashining rasmiy ma`lumotiga ko`ra, “Gulobod” qishlog`ida chorvachilik fermer xo`jaliklari mavjud emas.

    Boshqa yangiliklar