2009 yil sentyabr oyining boshlarida Rossiya Federasiyasining Vladivostok shahridan O`zbekiston Respublikasi tomon yo`lga chiqqan poezdda ota-onasi va yaqinlarining diydoriga intiqqancha shoshib kelayotgan 19 yoshli Nazmiddin Saipov ham bor edi. Ammo kutilmagan vaziyatlar uni o`z manziliga etib kelishiga to`sqinlik qildi. Kutilmaganda u Qozog`iston hududiga etib kelganda poezddan qolib ketgan va to`satdan izsiz g`oyib bo`lgan.
Yillar davomida N.Saipovning ota-onasi va yaqinlari u tushib qolgan poezd bekatini, uning atroflarini hattoki, Chimkent shahrigacha bo`lgan hududlardan izlagan. Uni topish uchun bormagan joyi, murojaat qilmagan eshigi qolmadi, ammo uning daragi ha, deganda hech qaerdan chiqmagach N.Saipov rasman bedarak yo`qolgan shaxs sifatida e`lon qilingan. Ammo 9 yil o`tib, to`satdan ijtimoiy tarmoqlarda o`zi endigina 27 yoshga to`lgan rasmda esa undan yoshi kattaroq ko`rinuvchi, ahvoli tang holatdagi N.Saipovning rasmi paydo bo`ladi. Uni ko`rgan Samarqand viloyatining Nurota tumanida joylashgan Nurbuloq qishlog`ining aholisi rasmdagi yigitni ko`riboq taniydi va quvonchi ichiga sig`may zudlik bilan uning ota-onasiga xabar bergani boradi. Rasmni ko`rgan N.Saipovning ota-onasi va yaqinlari zudlik bilan ushbu rasmni kim internet tarmog`iga joylaganini aniqlashga kirishadi. N.Saipovning ukasi Fazliddin Saipov turli ijtimoiy saytlar orqali Qozog`istonda bo`lgan o`zbek fuqarolariga iltimosnoma yozib, akasini qaerda va kim bilan, qay ahvolda ekanligini aniqlashga harakat qiladi. N.Saipovning otasi esa vujudida ming hayajon va yillar davomida yig`ilgan sog`inch bilan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriga ariza bilan murojaat qilib, holat haqida ma`lumot beradi va farzandini uyga qaytarishda amaliy yordam berishini so`raydi.
O`z o`rnida, mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Terrorizm va ekstremizga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari N.Saipovni qidirib topish choralarini ko`radi. Aniqlanishicha, ushbu rasmni O`zbekistondan vaqtinchalik ishlash uchun Qozog`iston Respublikasiga borgan Baxriddin Hamidov telefoniga suratga olib, Farg`ona viloyati O`zbekiston tumanida bo`lgan ukasi Nuriddin Homidovga yuborib, ushbu rasmdagi yigit o`zbek fuqarosi ekanligini va ko`p yillardan buyon Qozog`istonda yurganligini hamda uning yaqinlarini topishga harakat qilib ko`rishini aytadi. Akasining gaplaridan so`ng N.Xomidov uning rasmni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, N.Saipovning yaqinlarini qidira boshlaydi. N.Saipovning tirikligidan va qaerda ekanligidan yaqinlari shu tariqa xabardor bo`lgan.
N.Saipovning otasi Xudoyberdi Niyozov sabri etmay ukasini olib, o`g`li rasmga tushirilgan Jambul viloyatining Taroz shahriga boradilar. Taqdirning o`yinini qarangki, N.Saipov bundan oldinroq yon atrofidagi insonlarning so`zlaridan uni qidirayotganidan xabardor bo`ladi va o`zi ishlab yurgan joyning egasiga ushbu xabarni aytib, turgan joyidan ketib qoladi. Shundan so`ng, N.Saipovni topa olmagan otasi va amakisi O`zbekistonga qaytib kelib, yangi xabarni kuta boshlashadi. Bu vaqtda esa vazirlikning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari qonun doirasida lozim bo`lgan barcha ishlarni amalga oshirib, uni zudlik bilan Vatanga qaytarish ishlarini olib borayotgan edi. Dastlab, Qozog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga so`rov xati yuborgan, bundan tashqari N.Saipovni qidirib topish uchun O`zbekiston Respublikasining Olmota shahridagi bosh konsulxonasi ham Qozog`istonning Ichki ishlar vazirligiga so`rov xati bilan murojaat qilgan. O`z o`rnida, ikki vazirlik N.Saipovning aniq manzilini topish uchun hamkorlikda bir qator tadbirlar o`tkazdilar.
Shunday bo`lsada, N.Saipovning ukasi ham qo`l qovushtirib o`tirmay, internet saytlari orqali Qozog`istonda yurgan yurtdoshlaridan yordam so`raydi.
Oradan vaqt o`tib, harakatlar ijobiy samara berib, N.Saipovning aniq manzili topiladi. U Qozog`iston Respublikasi Jambul viloyatining Taroz shahridagi bozordan topilgan. Buning xabarini eshitgan N.Saipovning otasi va amakisi u ushlab turilgan polisiya mahkamasiga borgan hamda aynan o`sha erda yillar davomida sog`inchga to`lgan ko`zlar bir-biri bilan uchrashgan. Beixtiyor ota farzandi bilan uchrashgani haqida oila a`zolariga xabar berish maqsadida Samarqandga qo`ng`iroq qilib, N.Saipovni onasi va ukasi bilan telefon orqali gaplashtiradi. Ammo suhbat jarayonida N.Saipov ukasi Fazliddinni taniy olmagan, akasidan nima uchun shu vaqtga qadar o`zi haqida biron-bir xabar bermagini so`raganida xech qanday javob qaytarmagan. Keyinroq N.Saipov o`tgan 9 yil vaqt oralig`ida boshidan qattiq jarohat olib, sog`ligi u qadar yaxshi holatda bo`lmaganigi va ko`p holatlarni eslay olmasligi ma`lum bo`ldi.
N.Saipovning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo`qolgani sabab O`zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O`zbekiston Respublikasining Olmota shahridagi bosh konsulxonasi yordamida “Vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirilib, joriy yilning 4 oktyabr kuni N.Saipov yashash manziliga qaytib kelishi ta`minlandi.

Hozirda N.Saipovga Odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan psixologik va tibbiy yordam ko`rsatish choralari ko`rildi.
Shuni qayd etish kerakki, 9 yil ota-onasi, yaqinlaridan yiroqda bo`lgan N.Saipovni o`z Vataniga qaytarishda elektron ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqda faol bo`lgan fuqarolar, Qozog`iston va O`zbekiston Respublikalari Ichki ishlar vazirliklarining o`rni muhim ahamiyat kasb etdi.
O`z o`rnida, so`ngan qalblarga birinchi bo`lib, umid chiroqlarini yoqqan Farg`ona viloyatining O`zbekiston tumanida yashovchi aka-uka Baxriddin va Nuriddin Hamidovlarga alohida minnatdorchilik bildirilib, Ichki ishlar vazirligi hamda Farg`ona viloyati Odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha hududiy idoralararo komissiyasining raisi – Farg`ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i nomidan tashakkurnoma tantanali ravishda topshirildi.
"O`z navbatida, biz ham N.Saipov uyiga, ota-onasi bag`riga qaytgani bilan tabriklaymiz hamda uning topilishida o`z imkon darajasida yordam bergan barcha ommaviy axborot vositalariga, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Olmota shahridagi bosh konsulxonasiga, Qozog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, shuningdek ushbu holatga befarq bo`lmagan barcha insonlarga minnatdorchiligimizni bildiramiz", - deb yozmoqda O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.






