O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi xodimlari hamda Agentlik tizimidagi nashriyotlar mutaxassislari 10–14 oktyabr kunlari Frankfurt shahrida bo`lib o`tadigan yirik kitob ko`rgazmasida qatnashish uchun Germaniyaga jo`nab ketishdi.
Frankfurter Buchmesse, ya`ni Frankfurt kitob ko`rgazmasi – dunyodagi eng katta kitob ko`rgazmasidir. Ushbu ko`rgazma har yili Frankfurtda oktyabr oyi o`rtalarida bo`lib o`tadi. Bu erda kitob olamidagi so`nggi yangiliklar bilan tanishish, noshirlik bozorining yo`nalishlarini o`rganish mumkin.
Frankfurt kitob yarmarkasi – mutaxassislar anjumanidir. Mutaxassislar bu erga boshqa qit`adagi kitob mahsulotlarini tarqatuvchilari bilan aloqa o`rnatish, mashhur matnlarni nashr etish huquqini olish, tipografiya yangiliklari bilan tanishish uchun keladi. Ammo-lekin oddiy adabiyot ixlosmandi ham bu erda o`zi uchun bir olam taassurot olishi turgan gap.
Ko`rgazmada kitoblar, jurnallar, gazetalar va boshqa bosma va davriy nashrlar, atlaslar va xaritalar, elektron axborot vositalari, taqvimlar, komikslar, san`at vositalari taqdim etiladi, kutubxonachilik ishi yoritiladi.
Frankf ko`rgazmasida noshirlar, agentlar, sotuvchilar, yozuvchilar, tarjimonlar, rassomlar, illyustratorlar, kutubxona vakillari, institutlar va boshqa mutaxassislarni uchratish mumkin. Ko`rgazma bilan bir qatorda «Frankfurter Buchmesse» doirasida seminarlar, davra suhbatlari, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar tashkil etiladi.
An`anaga ko`ra, ko`rgazmaga tashrif buyurgan mamlakatlardan biri hurmatli mehmon sifatida ishtirok etadi. 2009 yilda Xitoy, 2010 yilda Argentina, 2011 yilda Islandiya, 2012 yilda Yangi Zelandiya, 2013 yilda Braziliya, 2016 yilda Istanbul, 2017 yilda esa Fransiya mamlakati hurmatli bo`lgan edi. 2018 yil Frankfurt kitob ko`rgazmasining hurmatli mehmon mamlakati – Gruziya bo`lishi kutilmoqda.
2011 yil yarmarkasida 106 mamlakatdan 7384 ishtirokchi va 280194 nafar mehmon tashrif buyurgan bo`lsa, 2012 yilda 281 753 kishi qatnashgan. 2013 yilda esa 276 ming nafar mehmon ro`yxatdan o`tgan.
Frankfurt kitob ko`rgazmasining tarixi 500 yildan ziyod vaqtni tashkil etadi va uning asoschisi sifatida Frankfurt yonidagi Maynsda yashab o`tgan birinchi kitob noshiri Iogann Guttenberg e`tirof etiladi.
O`zbekiston vakillari ham ushbu yirik kitob ko`rgazmasida munosib qatnashib, katta natijalar ila e`tirof etilishlarini kutib qolamiz.
O`zMAA “O`zbekiston” NMIU Matubot xizmati






