Ma`lumki, o`tgan hafta boshidan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining Chilonzor yo`nalishidagi “Xalqlar do`stligi” va “Paxtakor” bekatlari oralig`ida poezd harakati sekinlashishi yuzasidan muhokamalar faollashgan.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining xabarlariga ko`ra, mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida, “Toshkentmetropoliteni” DUK transport xizmati rahbari Sulton Qodirov bilan bog`lanilgan. S.Qodirov bekatlar oralig`ida texnik ishlar amalga oshirilayotgani va harakat belgilangan reglament asosida olib borilayotganini ma`lum qildi. Ushbu jarayon 5 kundan 10 kungacha davom etadi.
Bu borada hokimlik yo`lovchilarni hech qanday tashvishlanarli holatlarga tushmaslikka chaqirdi.






