To`rt nafar O`zbekiston fuqarosining Tailandga kiritilmaganligi va ularning Bangkok shahri aeroportida ushlab turilganligi to`g`risida qator OAVda chop etilgan maqolalar munosabati bilan Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti 2018-yil 7-sentyabr kuni fuqarolar Q.Sa`dullaev, J.Qurbonov, A.Inog`omov, A.Abdullaev mazkur masala yuzasidan O`zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilganini xabar beradi.
Shu kunning o`zida vaziyatni voqea joyining o`zida o`rganish va zarurat bo`lsa konsullik-huquqiy yordam ko`rsatish uchun Bosh konsulxona xodimi Bangkok shahri aeroportiga bordi. Tailand immigrasiya xizmati bo`linmasining rasmiy ma`lumotlariga ko`ra, mazkur fuqarolarning mamlakatga kirishlariga rad javobi berilishiga ular tomonidan tashrif maqsadi, yashash joyi to`g`risida taqdim etilgan ma`lumotlarning shubha tug`dirgani sabab bo`lgan.
Hozirgi vaqtda Bosh konsulxona O`zbekiston fuqarolarini navbatdagi aviareys bilan mamlakatimizga qaytarish uchun Tailand tegishli hokimiyat organlari va «O`zbekiston havo yo`llari» aviakompaniyasi vakolatxonasi bilan doimiy aloqada bo`lib turibdi.






