AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik kulol Gran-pri sohibi bo`ldi

2014 yilning 17—21 sentyabr kunlari Portugaliya poytaxti Lissabonda «Vera» 8-Xalqaro tasviriy san`at festivalida Portugaliya, Rossiya, Ukraina, Chexiya, Isroil, Fransiya, Germaniya, Ozarboyjon, Turkiya, Avstriya, Eron va O`zbekiston kabi davlat vakillari qatnashdi. Unda ushbu davlatlardan tashrif buyurgan 87 nafar rassom ishtirok etdi.

Ushbu nufuzli festivalda G`ijduvonlik hamyurtimiz Alisher Narzullaev kulolchilik yo`nalishida Gran-pri sohibi bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Badiiy Akademiyasi matbuot markazi xabar berdi.

Mamlakatimizning eng taniqli kulollaridan biri bo`lmish Alisher Narzullaev qator mukofotlar sovrindori. U 1953 yilda Buxoro viloyati G`ijduvon tumanida dunyoga kelgan. Alisher Narzullaev “Ofarin”, “Tashabbus - 98” konkurslari g`olibi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Tiko” avtomashinasi bilan taqdirlangan.

U «Xalqaro usta» sertifikatiga ega. Sertifikat YuNESKO Bosh direktori Federiko Mayor tomonidan shaxsan taqdim etilgan. 2002 yilda Alisher Narzullaev «O`zbekiston Xalq ustasi» unvonini qo`lga kiritgan, 2003 yilda esa O`zbekiston Badiiy Akademiyasi akademigiga aylangan.

 

    Boshqa yangiliklar