AsosiyJamiyat

«Soliq xizmati - yosh tadbirkorlarning ishonchli hamkori» mavzusida yoshlar bilan uchrashuv o`tkazildi

'«Soliq xizmati - yosh tadbirkorlarning ishonchli hamkori» mavzusida yoshlar bilan uchrashuv o`tkazildi'ning rasmi

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan «Soliq xizmati - yosh tadbirkorlarning ishonchli hamkori» mavzusida yoshlar bilan uchrashuv o`tkazildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yoshlar-kelajagimiz» Davlat dasturi to`g`risida»gi Farmoni ijrosi yuzasidan o`tkazilgan tadbirda tuman davlat soliq inspeksiyalari rahbarlari, Markaziy bank Toshkent shahar boshqarmasi vakillari, yurtimizda ko`zga ko`ringan tadbirkorlar hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig`i bugungi kunda soliq idoralari o`z faoliyatlarini yangi bosqichda amalga oshirayotgani, ushbu tadbirdan ko`zlangan asosiy maqsad, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va boshlamoqchi bo`lgan yosh tadbirkorlarning muammolarini eshitish, ularga amaliy yordam ko`rsatish hamda kelgusida soliq xizmati - yosh tadbirkorlarning ishonchli hamkori bo`lib ishlashini ta`minlashdan iborat ekanligini alohida ta`kidladi.

Uchrashuvda yosh tadbirkorlarga berilgan soliq imtiyozlari, engilliklari ularga yaratilayotgan shart-sharoit hamda imkoniyatlar haqida batafsil ma`lumot berildi.

Qayd etilganidek, ayni paytda poytaxtimizda 10 ming nafarga yaqin yosh ishbilarmon va 720 nafar hunarmand o`z tadbirkorligini yo`lga qo`ygan. Kasb-hunar kollejlarini tamomlab, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tgan 1136 nafar yoshlar qat`iy belgilangan soliq bo`yicha jami 2,8 mlrd. so`mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.

Ma`lumki, yurtimizda yoshlarni biznes bilan shug`ullanishga faol jalb qilish uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish maqsadida joriy yil 27 iyunda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yoshlar-kelajagimiz» Davlat dasturi to`g`risida»gi PF-5466-sonli Farmoni qabul qilindi.

Davlat dasturi doirasida Toshkent shahrida amalga oshiriladigan tadbirlarni 2018 yilda moliyalashtirish uchun jami 47 mlrd. 800 million so`mdan ortiq mablag` yo`naltirilishi belgilangan.

Ochiq muloqot tarzida o`tgan tadbirda mamlakatimizda ko`zga ko`ringan tadbirkorlar «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog`i asoschisi Zafar Hoshimov hamda «Ofiss market» rahbari Husan Mamasaidov o`zlarining hayotiy tajribalariga oid fikr-mulohazalari, tavsiya va ko`rsatmalari bilan o`rtoqlashdi. Bu esa, yosh tadbirkorlar uchun o`ziga xos mahorat darsi bo`ldi.

Uchrashuvda yosh tadbirkorlar o`zlarining biznes rejalarini yig`ilganlarga namoyish etdi. Bundan tashqari, yoshlar tomonidan o`z biznes rejalarini amalga oshirish va faoliyatini kengaytirish uchun banklardan imtiyozli kreditlar olish, tadbirkorlikni boshlash uchun joy ajratilishi hamda boshqa muammoli masalalar o`rtaga tashlandi.

Tadbir davomida yoshlar oldida turgan to`siqlar o`rganib chiqilgan holda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig`i hamda har bir hududiy davlat soliq inspeksiyalari rahbarlariga tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va boshlamoqchi bo`lgan 10 nafardan yoshlar biriktirildi.

Soliq xizmati organlari rahbarlari o`zlariga biriktirilgan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatidagi ilk qadamlaridan boshlab, toki yuksak darajaga etguniga qadar barcha muammolarini hal etib, ularning ishonchli hamkori bo`lib qoladi.

    Boshqa yangiliklar