2018 yil 22 avgust kuni O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi elchixonasida O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasida investisiya muhitini tubdan yahshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan brifing tashkil etildi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, ShHT Biznes klubi, Rossiya Federasiyasining Tashqi ishlar vazirligi, Rossiya federasiyasining Savdo-sanoat palatasi, Rossiya-O`zbekiston biznes kengashi, Osiyo invest banki vakillari, shuningdek rossiyalik tadbirkorlik sub`ektlari ishtirok etdi.
Ta`kidlash joizki, yil boshidan buyon mamlakatimizda Rossiya ishtirokidagi investisiyalar hajmi 600 million dollardan oshdi hamda 100 dan ortiq korxonalar ochildi. Brifingda Adliya vazirliginnig mas`ul vakillari ayni vaqtda O`zbekistonga sarmoyalarni jalb qilish uchun qulay imkoniyatlar yaratilganligini, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti tobora yaxshilanib borayotganligini, iqtisodiyotning jadal sur`atlar bilan rivojlanayotganligini hamda o`z biznesini yuritmoqchi bo`lganlar uchun ancha soddalashtirilgan tartib joriy qilinganligini qayd etdilar.
So`ng ma`ruzachilar qatnashchilarning e`tiborini tadbirkorlik va investisiyalar sohasidagi o`zgarishlarga qaratishdi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi Farmoni bilan O`zbekistonda investisiyaviy muhitni tubdan yaxshilashga qaratilgan davlatga ishonchni himoya qilish tamoyili, er uchastkalarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo`yishning aniq holatlarini, davlat organining qarorini faqatgina sud tartibida bekor qilish tartiblarini belgilanishi va boshqa yangiliklar brifing ishtirokchilariga batafsil tushuntirib berildi.

Shuningdek, brifingda mamlakatimizga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish uchun yaratilgan shart–sharoitlar haqidagi taqdimot namoyish etildi. Ma`ruzadan so`ng qizg`in muhokamalar olib borilib, Rossiya federasiyasining biznes vakillari O`zbekistonda yaratilayotgan investisiyaviy muhitga qiziqish bildirib, investisiya sohasidagi qonunchilikka oid savollar bilan Adliya vazirligining mas`ul xodimlariga murojaat qilishib, o`zlarini qiziqtirgan masalalar bo`yicha javoblar olishdi.
Adliya vazirligining matbuot xizmati xabariga ko`ra, ushbu brifing tafsilotlari Rossiya ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritildi.






