Toshkentda “AKT-sammit – 2014” axborot-kommunikasiya texnologiyalari milliy sammiti bo`lib o`tdi. Bu haqda uza.uz nashri xabar beradi.
“InfoCOM – 2014” axborot-kommunikasiya texnologiyalari haftaligi doirasidagi ushbu sammit mamlakatimiz axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi muhim voqealardan biri sanaladi.
Davlatimiz rahbarining 2013 yil 27 iyundagi O`zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikasiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi qarori 2013-2020 yillarda mamlakatimiz axborot resurslari, tizim va tarmoqlarini rivojlantirish strategiyasini belgilashga xizmat qilmoqda.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi raisi Xurshid Mirzohidov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi va BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Stefan Prisner va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida axborot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar axborot-kommunikasiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning barcha tarmoqlariga joriy etishga xizmat qilayotgani alohida ta`kidlandi.
Sammit O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish bo`yicha muvofiqlashtiruvchi kengashi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi, O`zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi hamda “ICTNEWS” nashri hamkorligida tashkil etildi. Tadbir milliy va xalqaro ekspertlarda yil sayin tobora katta qiziqish uyg`otmoqda. Unda mamlakatimiz va Janubiy Koreya, Yaponiya, Estoniya, Belarus, Chexiya, Kipr kabi davlatlardan 500 dan ziyod delegat ishtirok etdi.





