2018 yil 15 avgust kuni soat taxminan 12-00 larda M-39 Toshkent-Termiz avtomobil yo`lining Sharof Rashidov tumani hududidan o`tgan 996 kilometrida Sh.Raxmatov o`ziga tegishli bo`lgan Nexia RZ rusumli avtomashinada Termiz yo`nalishi bo`yicha harakatlanib kelib, boshqaruvni yo`qotishi natijasida yo`lning o`ziga nisbatan o`ng tomonidagi beton to`siqqa urilib yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan va avtomashina voqea joyida to`liq yonib ketgan.
Sodir bo`lgan yo`l-transport hodisasi natijasida haydovchi Sh.Raxmatov voqea joyining o`zida vafot etgan. Yo`lovchi M.Eshonqulova tan jarohati olib RShTYoIM Jizzax filialining Neyroxirurgiya bo`limiga yotqizilgan. Bundan tashqari, avtomashinada bo`lgan yana bir nafar shaxsi noma`lum yo`lovchi vafot etgan va uning tanasi to`liq yonib ketgan.
Mazkur holat bo`yicha Sharof Rashidov tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qism “a” bandi bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan hamda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yuqoridagi holat yuzasidan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev telegram kanalida ichki ishlar tizimida ishlaydigan do`stining hikoyasini keltirgan:
«Bugun dahshatli yo`l transport hodisasi haqida xabar oldik va voqea joyiga etib bordik. Jizzax viloyatidan o`tuvchi M-39 avtomagistral yo`lida sodir bo`lgan halokat tufayli Neksiya-3 rusumli avtomobil butunlay yonib ketgan. Mashinada yaroqli narsaning o`zi yo`q, faqat temir-tersak qorayib turibdi xolos. Ming afsuski, haydovchining jasadidan ham aytarli asar qolmabdi. Lekin hodisa joyini ko`zdan kechirish jarayonida bir holat e`tiborimizni tortdi. Shuncha yong`inning ichida ham mashinadagi Qur`oni Karim kitobi bus-butun saqlanib qolibdi. Faqat sal chetlari kuyibdi xolos».







