7-avgust kuni Qo`qon shahrida «Muvaffaqiyatga erishish sirlari» mavzusida mahorat darslari o`tkazildi.
Ushbu mahorat darslarini o`tkazishdan ko`zlangan asosiy maqsad 2018-yil «Faol tadbirkorlik va innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash» yilida tadbirkorlik ekotizimining barcha sub`ektlarini birlashtirish, o`zaro hamkorlik qilish va fikr almashish uchun sharoit yaratish, O`zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining asosiy omili sifatida yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash, biznesni rivojlantirishda qo`l keladigan dunyodagi ilg`or tajriba va zamonaviy vositalar bilan ishtirokchilarni tanishtirish hamda O`zbekistonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish va amaliy harakatlarni olib borishdan iboratdir.

Mahorat darslari doirasida viloyatning barcha hududlaridan kelgan yosh tadbirkorlar uchun Qo`qon shahridagi “Ad&An” tekstil korxonasiga hamda «Shaffof metan servis» mas`uliyati cheklangan jamiyatiga 120 nafar yoshlar bilan sayohatlar uyushtirildi.
Kunning ikkinchi yarmida yosh tadbirkorlar va tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar uchun Qo`qon musiqali drama teatrida «Muvaffaqiyatga erishish sirlari» mavzusida mahorat darslari, ma`ruzalar, munozara va savol-javoblar bo`lib o`tdi.
«Muvaffaqiyatga erishish sirlari» mavzusida mahorat darslarini Farg`ona viloyat hokimining o`rinbosari M.Abdurahmonov hamda Qo`qon shahar hokimi M.Usmanov ochib berishib, yig`ilganlarga yoshlar tadbirkorligining bugungi kundagi o`rni va ularga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida so`z yuritishdi.

Ma`ruza va mahorat darslarini “DEKOS” va “OFFICE MARKET” korxonalari asoschisi Hasan Mamasaidov, “AMBiT” raisi Hikmat Abdurahmonov, “Edu-Action”asoschisi Umid Eshmuhammedov, “Paynet, LeBazar” asoschisi Botir Arifjonov, “Ground Zero” kovorking markazlari rahbari Abdulahad Qo`chqorov, “Fiori Flower Boutique” asoschisi Nodira Vohidova, “Nestle O‘zbekiston” kompaniyasi jamoatchilik hamda aloqalar bilan ishlash bo`limi boshlig`i Nigora Akilovalar kabi mamlakatimizning yirik tadbirkorlari o`zlarining faoliyat tajribalari bilan o`rtoqlashishdi hamda yoshlarga ma`ruzachilar biznesni qanday boshlaganliklari, boshqarish uslublari haqida aniq faktlar bilan so`zlab berishdi.
Uchrashuvda 600 dan ortiq yosh tadbirkorlar va tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi. Mahorat darslarida yoshlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va tadbirkorlik faoliyatlari uchun muhim qadamlarni tashlashdi.






