Uchinchi ming yillik insoniyat uchun anchayin sinovli keldi. Chunki odamlar diniy ekstremizm va terrorizm ta`siridagi muammolar girdobida qolib ketdi. Afsuski, ularning aksariyati chetdan ko`rsatilayotgan mafkuraviy tazyiqlar, yovuz «ta`limot»lar oqibatida yuzaga kelmoqda. Bu kuchlarning maqsadi sizu bizga yaxshi ayon: jamiyatni parokanda qilish, gullab-yashnayotgan shaharu qishloqlarni vayron etish, yovuzlik urug`ini sepib, hayotni zaharlash, ijtimoiy taraqqiyotni izdan chiqarishdir.
Bunday kimsalar o`z manfaatlari yo`lida sodir etayotgan buzg`unchiligini muqaddas dinimizni niqob qilib amalga oshirmoqda. Ming afsuski, bunday tuban kirdikorlar hozir ham davom etmoqda.
Yaqinda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida Qo`shtepa tumanida yashovchi U.Abdullaev va R.Tojimatovlar g`ayriqonuniy jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish yoki ularning faoliyatini tiklash, shuningdek bunday birlashmalar yoki tashkilotlar faoliyatida faol qatnashishi aniqlandi.
Jumladan, sudlanuvchi U.Abdullaev va R.Tojimatovlar bir guruh bo`lganlari holda B.Mamadjonov (jinoyat ishining unga nisbatan bo`lgan qismi alohida ish yurituviga ajratilgan) tomonidan asos solingan “Ma`rifatchilar” diniy tashkilotida faol qatnashib, A.Obidov, Z.Obidov, B.Nazarov, Yo.Usmonov, A.Xaitov, X.Abdullaev, R.Xasanov, A.Xojiakbarov, N.Esonov, A.Xoshimov, I.Xoshimov (jinoyat ishining ularga nisbatan bo`lgan qismi bo`yicha sudning ayblov hukmi chiqqan)lar bilan hamkorlikda yig`inlar o`tkazishadi. Bu yig`inlarning o`z mavzusi bor edi. Ya`ni Islom dini amallariga zid ravishda diniy tashkilot asoschisi B.Mamajonov tomonidan belgilab berilganidek o`zbekcha namoz o`qishib, oila-a`zolari va yaqinlarini ham ushbu yo`lga kirishga undab kelishgan.

Surishtiruv jarayonida U.Abdullaevning yashash xonadoni ko`zdan kechirilib, u erdan 6 dona qo`lyozma daftar, 1 dona yondaftar, 1 dona tilxat, 1 dona varaqa, 2 dona diniy mazmundagi kitoblar ashyoviy dalil tariqasida olingan. R.Tojimatovning yashash xonadoni ham bir dona fayl papkada diniy mazmundagi varaqalar, ikki dona diniy mazmundagi daftarlar, bir dona jurnal, etti dona daftar, bir dona “Sig`inish” nomli kitobcha, to`qqiz dona diniy mazmundagi varaqalar, to`rt dona telefon apparati, bir dona 2 GB xotirali fleshka, bir dona disk, bir dona oq rangli kompyuter prosessori, bir dona 8 GB xotirali fleshka, ikki dona qog`oz bo`lagiga o`ralgan o`tkir xidli giyohvand moddaga o`xshash o`simlik barglari ashyoviy daliliy tariqasida olingan.
Sud-adabiyotshunoslik ekspertizasining xulosasida yuqorida tilga olingan diniy mazmundagi adabiyotlar “Ma`rifatchilar” diniy guruhiga tegishli ekanligi, ma`rifatchilar g`oyalari yurtimiz uchun noan`anaviy va yot bo`lganligi, xanafiylik mazxabi va ta`limotlariga zid ekanligi, fuqarolar o`rtasida turli ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkinligini, ushbu ma`lumotlarni O`zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, tarqatish va xorijdan olib kirish taqiqlanganligi ko`rsatilgan.
Ashyoviy dalillar va guvohlarning ko`rsatmalari bilan sudlanuvlarning aybi yana bir karra o`z isbotini topdi. Sud hukmi bilan Umatali Abdullaevga ikki yil, Rasuljon Tojimatovga uch yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Soxta e`tiqodga ergashish na dunyoviy, na diniy tushunchalarga to`g`ri kelmaydi. Ushbu vaziyatda takror va takror aytayotgan ta`kidimizni qaytarishdan charchamaymiz: ogoh bo`ling, odamlar...
Sh.ShAMShIEV,
jinoyat ishlari bo`yicha Qo`shtepa
tuman sudining raisi.






