Boysunlik fuqarolarning bu yil ham namunaviy loyihalar asosida qurilgan uyimizga sel kirdi, hovlimizni loyqa suv bosdi, degan gaplariga ishongimiz kelmadi.
Negaki, bu uylar oldingidek duch kelgan joyga guvaladan tavakkal qurilmagan-da! Aniq hisob-kitob, xavfsizlik masalasi har tomonlama e`tiborga olinib, tegishli tashkilotlarning xulosasi va malakali mutaxassislar tavsiyasi asosida barpo etilgan.
Shunday ekan, bunday gap-so`zlar qayoqdan chiqdi?
Joriy yil 19 may kuni Surxondaryo viloyatida kuchli yomg`ir yog`di, ayniqsa, Boysunda ko`p yog`di. Oqibatda tumanning Mustaqillik mahallasida bunyod etilgan namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joylar turli darajada talafot ko`rdi.

– Boysun tog`li joy bo`lgani bois bahorda ham, yozda ham kutilmaganda osmonda bulut paydo bo`lib, sharros yomg`ir yo do`l yog`ishi hech gap emas, – deydi mazkur mahallada yashovchi Fayzulla Normamatov. – Osmonga bulut chiqsa, bolalarimiz bilan yuragimizni hovuchlab o`tiradigan bo`lib qolganmiz. Ishqilib, uyimiz yonidan o`tadigan sel o`zanidan toshib ketmasin, deya xavotirda turamiz. Ishoning, bu yil uyimizni birinchi marta sel bosayotgani yo`q. Devor va shiftlardagi yoriqlar o`sha sellarning ta`siri. Avval ham bahorda shunga o`xshash hodisalar yuz bergan. Biroq, bu yilgi yog`ingarchilik bizni juda shoshirib qo`ydi. O`zanidan toshgan sel pishqirib, uy ichigacha kirib keldi. Bino cho`kib, xonalardagi yoriqlar kengaydi. Qo`shimcha imoratlarga ham katta zarar etdi. Ekinlar loyqa ostida qoldi. “Jiguli” mashinamni sotib, ko`rilgan zararni qopladim. Endi sel suvi yo`lini o`zgartirishni so`rab, tuman va viloyat hokimligiga, boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilayapmiz. Buning iloji bor, deb o`ylayman. Lekin natija bo`lmayapti. Quruq va`dadan boshqa biron chora ko`rilmayapti. Iqlim yildan-yilga o`zgarib borayotgani sababli tabiiy ofatdan jiddiy xavotirdamiz. Zamonaviy uyda xotirjam yashaymiz, deb o`ylagandik, lekin bunday bo`lmadi, to`g`risi, xursand emasmiz. Yaxshiyam sel toshqini kunduzi bo`ldi, mabodo tun bo`lganida bormi, xudo asrasin! Murojaatlarimiz bilan biz faqat o`zimizning emas, sel yo`li bo`ylab yashayotgan barcha aholi xavfsizligini nazarda tutmoqdamiz.




Bundan sakkiz yil muqaddam barpo etilgan zamonaviy loyiha asosidagi 50 ta namunaviy uy Mustaqillik mahallasi hududidan o`tgan R-105 yo`lining o`ng tomonidan o`tuvchi katta sel yo`li atrofida qad rostlagan. Bu selgadan tog`li tuman markazida yig`ilgan yomg`ir va do`l suvlari oqadi. Fuqaro Fayzullo Normamatov va Dilorom Alimovalar istiqomat qilayotgan besh xonali namunaviy uylar orqasidan o`tgan yo`lga beton quvurlar yotqizilib, ko`prik qurilgan. Sel ko`p kelganda suv quvurga sig`may, ana shu yo`ldan toshib, uch-to`rt metr chamasi pastlikda joylashgan namunaviy uylarni bosib qolmoqda, turar joylarga jiddiy zarar etkazmoqda. Bu zamonaviy uylarda yashayotgan fuqarolarning haqli e`tiroziga sabab bo`layotir.

– Uy sobiq turmush o`rtog`im nomiga rasmiylashtirilgan, – deydi Dilorom Alimova. – Erim bilan ajrashgach, sud uch farzandim bilan shu erda yashash uchun qaror chiqarib bergan. Sel ta`sirida cho`kib, devor va shiftlari yorilib qolgan shu uyda yashab turibmiz. Chiqib ketaylik desak, boshqa boradigan manzilimiz yo`q. Osmonda qora bulut paydo bo`lsa, yomg`ir tomchilasa, xavotirimiz orta boshlaydi. Ayniqsa, bolalar "ona uyimizni yana sel bosadimi?" deb jovdiraydi. Uyni bila turib sel yo`lida qurishganiga hayronmiz. Endi aybdorni izlash o`rniga sel yo`lini o`zgartirish chorasini ko`rish kerak.
Zamonaviy massivda istiqomat qilayotgan X.Saidov, K.Shodiev, B.To`raev, B.Umarov kabi 10 ga yaqin fuqarolarning uyi bu yilgi tabiiy ofatdan turli darajada zarar ko`rgan. Ular kelgusida sel toshqinining oldini olish hamda tabiiy ofatga barham berishda yordam so`rab, tuman, viloyat hokimligi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralarga murojaat qilgan.
– Shunisi qiziqki, murojaatimizga barcha tashkilotlardan deyarli bir xil javob keladi, – deydi uylari turli darajada zarar ko`rgan fuqarolar. – Nima balo, hammmasini bir kishi yozadimi? Javob xatlarining aksariyati tuman hokimliginikiga juda o`xshash. Jumladan, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi haqiqatan ham uylarga zarar etganini qayd etib, kelgusida sel toshqinining oldini olish bo`yicha Boysun tumani hokimligiga yozma ko`rsatma berilgani, namunaviy uy-joy qurishga texnik xulosa bergan mas`ul mutaxassislar harakatiga qonuniy baho berish uchun hujjatlar Boysun tuman prokuraturasiga yuborilganini ma`lum qilgan. Viloyat va tuman hokimligidan kelgan javoblarda “... fuqarolar uy-joyiga sel suvlari ta`sir qilmasligi uchun suv yo`lini to`sish bo`yicha bir qator ishlar amalga oshirilgani va qo`shimcha ishlar qilinishi rejalashtirilayotganini ma`lum qilamiz”, degan mujmal javoblar bilan cheklanilgan. Seldan so`ng yo`l tagidagi bir nechta beton quvurlar olindi. Yo`l bo`yiga ekskavator ikki-uch hovuch tuproq tashladi, xolos. Shu bilan bu erdagi ishlar to`xtab qoldi. Biz eski vino zavodi oldidagi bog`dan sel yo`lini burib, Sho`rsoyga oqizib yuborishni iltimos qilayapmiz. Lekin, biror-bir rahbar jo`yali gap aytmayotir.

– Yog`ingarchilik payti butun Boysun tumani markazida to`plangan suv shu erdan oqib o`tadi, – deydi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig`ini raisi E.Yadikov. – Joriy yil 19 may kuni kuchli yomg`ir va do`l tufayli sel o`zanidan toshib, mahalladagi 32 hovliga kirdi. Ayniqsa, sel yo`lida joylashgan namunaviy loyihalar asosidagi uylarga ko`proq zarar etdi. Devorlar yorilgan, ayvonlari cho`kkan. O`sha kuni mahalla faollari bilan borib, namunaviy uylarda yuz bergan holatni o`z ko`zimiz bilan ko`rdik. Dalolatnoma tuzdik. Axir, bu muammoga chek qo`yishning biror chorasi bo`lishi kerak-ku?! To`g`ri, mutaxassis emasmiz, lekin sel yo`lini o`zgartirib, Sho`rsoy soyiga burib yuborsa bo`ladi. Agar ish boshlansa, mahalla ahli ham qarab turmaydi, qo`lidan kelgancha yordam qiladi. Ammo eshitishimizcha, shu erdan zamonaviy dehqon bozori qurilar emish.
Tabiiy savol tug`iladi – yangi bozorni ham sel suvi bosmaydimi?

Boysun tumani hokimi o`rinbosari Sh.Normo`minov bu yilgi sel oqibati va kelgusida uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida shunday dedi:
– Sel toshqini ayrim uylarga zarar etkazdi. Jiddiy talafot ko`rgan xonadonlarni aniqlab, zararni to`lab berish choralari ko`rilmoqda. Shunga asosan o`n besh oilaga 636 million 413 ming so`m pul to`lanadi. Hozir bu taklif tegishli tartibda hukumatga berilgan. Mahalla hududidan o`tgan R-105 yo`lidagi ko`prikda sel toshqinlarining oldini olish bo`yicha himoya to`siqlari o`rnatish uchun quruvchilar ishlamoqda. Odamlar yozaveradi-da...
Shu kuni sel olgan ko`prikni borib ko`rganimizda bu erda na bir quruvchi va na bir texnika bor edi. Odamlarning aytishicha, sel toshqinidan keyin bu erlarga quruvchi zoti kelgan emas.
Tog`li tumandagi zamonaviy massivda barpo etilgan namunaviy uylar bilan bog`liq bu muammo yuzasidan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutasaddilarining fikri bilan ham qiziqdik.
– Boysunda yuz bergan tabiiy ofatni atroflicha o`rganib, tuman hokimligiga, tuman prokuraturasiga tegishli taklif va xulosalar berilgan, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari M.Xo`jaev. – Bundan bir necha yil avval Sariosiyo tumanidagi Fozilko`chdi massivida qurilgan namunaviy uylar bilan ham xuddi shunday holat yuz bergan edi. O`shanda tabiiy ofat o`zani o`zgartirilib, kelgusida yuz berishi mumkin bo`lgan talafotlarning oldi olindi. Albatta, sel toshqini xavotirli, jiddiy masala. Tuman hokimligi buning oldini olish haqida chuqur o`ylab, zudlik bilan zarur tadbir belgilashi lozim.
Kuchli yog`ingarchilik tufayli tabiiy ofatdan talafot ko`rgan fuqarolarga zararning qoplab berilishi bu – xalqimizga xos insonparvarlik fazilatlaridan. Katta yo`l bo`yidagi selgada himoya to`siqlari o`rnatish esa vaqtinchalik chora. Shu bois mahalla ahlining fikri asosida sel oqimini o`zgartirish yo`llarini ko`rish zarurga o`xshaydi. Axir, zamonaviy massivda yashayotganlar ham katta yo`l bo`yiga himoya to`siqlari o`rnatib, vaqtinchalik chora ko`rishni emas, balki selga o`zanini Sho`rsoyga burib, bir umr xavotirdan xoli yashashni istamoqda. Bunga ularning to`la haqqi bor. Gap faqat fuqarolarning ana shu manfaatini kim ta`minlashida qolmoqda, xolos.
Xolmo`min Mamatrayimov, O`zA






