Bo`stonliq tumani IIB xodimi Sanjar Bekov va uning jinoiy sherigi Jo`ra Vositovlarning (ism va familiya o`zgartirilgan) jinoyat sodir etganlikdagi ayblari inkor qilib bo`lmas dalillar bilan o`z tasdig`ini topdi. Jinoyat ishlari bo`yicha Parkent tumani sudi ularga nisbatan qonunda belgilangan jazoni tayinladi. Bu haqda “Xalq so`zi” ma`lum qilmoqda.
Sobiq IIB xodimlari giyohvandlik moddalarini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotgan Sherzod Hamroevni ushlaganliklaridan so`ng uning sheriklarini qo`lga olish yo`li bilan mo`may pul undirish rejasini ishlab chiqdilar. Buning uchun giyohvandlik moddalari oldi-sotdisi bilan shug`ullanadigan to`da a`zolarini qidirib topdilar. Avvaliga Sherzod va uning hamtovoqlaridan marixuana moddasi hech qanday hujjat rasmiylashtirilmay, olib qo`yildi. Keyin esa ishni “yopdi-yopdi” qilishi uchun pul undira boshladilar.
To`da a`zolaridan “qamayman” deb dastlab 500 AQSh dollari, keyinroq 300 AQSh dollari oldilar. Bu ish surunkali davom etdi. Keyingi “tergov”da 500 ming so`m so`raldi. So`roq berayotganlar ham anoyilardan emas edi. Ular xodimlarning pul undirish bilan bog`liq talablarini audio tasmaga yozib bordilar.
Navbatdagi pul talabidan so`ng sabr-kosasi to`lganlar voqeani tegishli tashkilot vakillariga etkazishdi. Ikki xodim 200 ming so`m pulni pora tariqasida olayotganlarida qo`lga olindilar.
Sud kursisida o`tirganlar giyohvand moddalar bilan savdo-sotiq qiluvchilar emas, qonun himoyachilari hisoblangan IIB xodimlari ekanliklari juda achinarlidir.






