Toshkent shahar hokimligi 14 iyul kuni tadbirkorlar va xorijiy investorlar ishtirokida uchrashuv o`tkazdi.
Tadbirda tadbirkorlar va xorijiy investorlar bir joyga jamlandi. Toshkent shahar hokimligida tashkil etilgan amaliy uchrashuvda poytaxtimizning 11 ta tumanidan 55ta yirik loyiha ko`rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ma`sul idoralar rahbarlari hamda tadbirkorlar va xorijiy investorlar ishtirokida amaliy uchrashuv o`tkazilishidan asosiy maqsad, xususiy sektor vakillarining istiqbolli loyihalarini ko`rib chiqish va hayotga joriy etishga qaratilganligi bilan alohida e`tiborga loyiq.

Yangicha yondashuvda o`tkazilgan ushbu uchrashuvda tadbirkorlar va xorijiy investorlar Toshkent shahrini yanada ko`rkam qilish, poytaxtimizda sanoat ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish va boshqa barcha sohalarni rivojlantirish bo`yicha o`z loyihalari bilan ishtirok etishmoqda.
Uchrashuvning dolzarbligi shundaki deyarli har bir loyihani Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevning shaxsan o`zi ko`zdan kechirib tegishli tavsiya va amaliy ko`rsatmalar berdi. Loyihalar asosan slayd ko`rinishida namoyish etilib uchrashuv ochiq, xolis va shaffof tarzda o`tkazilmoqda.
Mazkur tadbirning muhim bir natijasi sifatida poytaxtimizda turar joy binolarini qurishni rejalashtirgan tadbirkorlarga loyihalari tasdiqdan o`tkazish, Toshkent shahar hokimiyati Davlat sherikchiligi asosida er uchastkalari ajratadi.
“Bunda davlat sherikchiligining ahamiyati shundaki, turar joy binolarining qurilishi tugatilgach, davlatga ularni sotishdan tushgan daromaddan foiz to`lanmaydi, balki umumiy xonadonlarning 10-15 foizi hokimlik tasarrufiga o`tkaziladi va ushbu xonadonlar chin etim, nogiron, kam ta`minlangan, boquvchisi yo`q uy-joyga muhtoj aholi qatlamiga taqdim etiladi. Bu bilan ham shahrimiz obodonchiligiga hissa qo`shiladi, ham ko`ngli yarimlarning ehtiyojini qondirishning muhim xayrli ish amalga oshiriladi”, - deyilgan Toshkent shahar hokimligi xabarida.

Mazkur uchrashuv yakuni bo`yicha shahar hokimligi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.






