Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tushki payt yuziga niqob taqqan nomalum shaxslar 20 yoshli kelinchakning uyiga kirib, bosqinchilik yo`li bilan pul mablag`lari va tilla buyumlarini olib ketgani haqidagi gap-so`zlar turli shov-shuvlarga sabab bo`ldi. Aslida o`zi nima bo`lgan edi?
Biz ushbu masala bilan qiziqib, O`zA viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatiga murojaat etdi.
– Haqiqatan ham Sariosiyo tumani Xalqabod mahallasida yashovchi kelinchak tuman ichki ishlar bo`limiga murojaat etib, soat 13:00da yashash uyiga ikki nafar noma`lum shaxs yuziga niqob taqqan holda kirib, bo`yniga pichoq tirab, o`ldirish bilan qo`rqitib, qo`l-oyog`ini ip bilan, og`zini skoch bilan bog`lab, bir million so`mga yaqin puli, 600 AQSh dollari, 2 dona tilla uzuk, 1 juft tilla sirg`asini bosqinchilik yo`li bilan olib ketganini ma`lum qilgan, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan Farhod Toshboev. – Ushbu xabar bo`yicha zudlik bilan maxsus guruh tashkil etilib, bir necha kun tezkor surishtiruv ishlari olib borildi. Natijada ariza muallifi yashash uyida sun`iy dalillar vujudga keltirib, tuman ichki ishlar bo`limiga yolg`on xabar bergani, 954 ming so`m puli, 600 AQSh dollari, 2 dona tilla uzuk va 1 dona tilla sirg`asini yashash uyi tomorqasining pastki tomonidagi qum ichiga o`zi ko`mib qo`ygani aniqlandi. Shu o`rinda aytish lozimki, qonunlarimizda yolg`on xabar bergan insonga ham jinoiy javobgarlik belgilab qo`yilgan. Shunga muvofiq fuqaroning murojaati bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi uchinchi qismi “v” bandi bilan noma`lum shaxslarga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga qayta malakalandi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






