AsosiyJamiyat

Kattaqo`rg`ondagi holat yuzasidan bir qator xodimlar ichki ishlar organlari xizmatidan bo`shatildi

'Kattaqo`rg`ondagi holat yuzasidan bir qator xodimlar ichki ishlar organlari xizmatidan bo`shatildi'ning rasmi

Kattaqo`rg`ondagi holat yuzasidan bir qator xodimlar ichki ishlar organlari xizmatidan bo`shatildi. IIV jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabarida Kattaqo`rg`ondagi voqea bo`yicha vazirlik tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari ma`lum qilindi.

Bugungi kunda tekshiruv yakunlangan bo`lib, natijasiga ko`ra, xizmat vazifalarini ijro etishda qo`pol kamchiliklarga yo`l qo`yib, xodimlarning xizmat olib borish faoliyatini tegishli tartibda nazorat qilmagan hamda shaxsiy tarkib bilan yakka tartibdagi tarbiyaviy ishlar olib borilishini etarli darajada tashkil etmaganliklari uchun Kattaqo`rg`on shahar IIB boshlig`i Ilyos Abduqahhorov, uning birinchi o`rinbosari Izzatillo Xo`jamqulov hamda kadrlar bo`yicha o`rinbosari Zafar Sheraliev, shahar IIB JQB boshlig`i Alisher Shukurov Ichki ishlar vazirining buyrug`i bilan ichki ishlar organlari xizmatidan bo`shatildi. Viloyat IIB va shahar IIBning bir qator rahbar xodimlariga nisbatan boshqa intizomiy jazo choralari qo`llanildi.

Bundan tashqari, yuqoridagi voqea sodir etilishi bilan bog`liq holatlarda xizmat vazifalarini bajarmagan Kattaqo`rg`on shahar IIB katta inspektor navbatchisi Nasim Aliev va navbatchi yordamchisi Jahongir Shodiev egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi, ushbu IIB profilaktika inspektori Shamshod To`xtaev esa ichki ishlar organlari safidan bo`shatildi.

Yuqoridagi videolavhani tasvirga olgan va unda aks etgan holatlarni keltirib chiqargan San`at Umarov ichki ishlar organlari safidan bo`shatilishi bilan birga, unga nisbatan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoqqa olingan. Jinoyat ishi bo`yicha hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kelgusida bu kabi salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida o`tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi barcha darajadagi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi orasida keng muhokama qilinmoqda.

Shuningdek, bunday holatlarga qat`iyan yo`l qo`ymaslik hamda ichki ishlar organlarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta`minlash borasidagi faoliyatning ahvolini har tomonlama o`rganish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish va tegishli chora-tadbirlar ko`rish maqsadida Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining qo`shma farmoyishi bilan ishchi guruh tuzildi.

Bugungi kunda Ichki ishlar vaziri general-mayor Po`lat Bobojonov rahbarligidagi ushbu ishchi guruh Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o`rganmoqda. Mazkur o`rganishlar respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich o`tkazilishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar