«Kattaqo`rg`on haqiqati» gazetasi muxbirlari Kattaqo`rg`on tumanidagi 38-son maktabgacha ta`lim muassasasida olib borgan jurnalistik surishtiruv davomida xunuk bir manzaraga guvoh bo`lishdi, xabar bermoqda «Zarafshon» nashri.
Bolajonlarga taom tayyorlab berish uchun keltirilgan 4-5 kilogramm chamasidagi go`sht muzlatgichda aynib, sasib ketgan. Mazkur holatdan hijolatga tushgan Gulzoda Ro`zieva yuragidagi dardlarini to`kib soldi.
— Bu go`sht mahsulotini bir necha kun oldin ta`minotchilar olib kelganida ham shunday holatda edi, — deydi muassasa hamshirasi Gulzoda Ro`zieva. — Bu haqda mudiramizga ham aytib, bunday go`sht mahsulotlarini bolalar uchun tayyorlanayotgan ovqatlarga solib bo`lmasligini tushuntirganman. To`g`rida, Xudo ko`rsatmasin, ertaga biron korhol bo`lsa buning uchun kim javob beradi? Bu go`sht qanday keltirilgan bo`lsa, shunday muzlatgichda turibdi. Undan bir kilo ham ishlatishga qo`ymadim.
Jurnalistlar vaziyatning bu darajagacha kelib qolganidan taajubga tushib, masalaga oydinlik kiritish maqsadida tuman Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi mutasaddilari bilan bog`lanadi.
— Bu masalada tumandagi bir nechta maktabgacha ta`lim muassasalaridan murojaatlar bo`lgan edi, — deydi DSNEM bosh shifokori Zamonali Halilov. — Murojaatda aynan go`sht mahsulotini iste`molga yaroqli yoki yaroqsizligi so`ralmagan. Go`sht mahsulotini ayni paytdagi holatini aniqlab berish so`ralgan edi.
Mutaxassislarimiz tomonidan o`tkazilgan tekshirishlar natijasiga ko`ra, go`sht mahsuloti Samarqand shahridagi ta`minotchilar tomonidan maxsus transportda emas, yuk avtomashinasida tashib kelingani bois, sifatida o`zgarishlar yuz bergani to`g`risida xulosa berilgan. Keyingi jarayonlar qay darajada davom etgan, bundan xabarimiz yo`q. Agar muassasadagi go`sht mahsuloti haqiqatdan ham iste`molga yaroqsiz holatga kelgan bo`lsa, bu borada bog`cha mutasaddilari bizga xabar berishlari kerak edi. Mobodo, agar tarbiyalanuvchilarga shunaqa sifatsiz go`shtdan taom tayyorlab ediriladigan bo`lsa, bunga alabatta mas`ul rahbarlar javob berishi shart.
«Nahotki tizimda shunday ulkan islohotlar borayotgan bir paytda ayrim bog`chalarda tarbiyalanayotgan bolalar sasigan go`sht bilan siylanayotgan bo`lsa?!», deb yozadi maqola mualliflari.






