Avtomashina uchun 100 foiz to`lov amalga oshirgan bo`lsa-da, avtosalon shartnomada keltirilgan muddat tugaganiga qaramay mashinani fuqaroga berishni paysalga solib kelgan.
2018 yil 18 iyun kuni Navoiy viloyati, Navoiy shahar, “G`alaba” shoh ko`chasi, 222-uy, 14-xonadonda yashovchi Asrorjon Muqimovning O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi “Ishonch telefoni”ga qilgan murojaati Karmana tuman iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o`rganib chiqildi, deb yozmoqda O`zA.
Fuqaro murojaatida 2018 yil 2 fevral kuni tumandagi “Yangi ariq” MFYda joylashgan “NAVOIY AVTO MOTORS” MChJdan shartnoma asosida “Gentra” rusumli avtomashinaga 100 foiz to`lov amalga oshirgani, ammo shartnomada keltirilgan muddat tugagan bo`lsa-da, mashinani ololmayotganligidan noroziligini bildirgan.
Murojaat bo`yicha jamiyat mutaxassislari tomonidan “NAVOIY AVTO MOTORS” MChJga xat orqali murojaat qilindi. MChJning javob xatiga asosan avtomashina joriy yilning 30 iyuliga qadar etkazib berilishi ma`lum qilingan bo`lsa-da, tuman jamiyati xodimlarining sa`y-harakatlari bilan joriy yilning 11 iyul kuni avtomashina fuqaro A.Muqimovga topshirildi. Murojaatni o`rganish yakunida fuqaro tuman jamiyatiga o`z minnatdorchiligini bildirdi.






