Keyingi yillarda mamlakatda nefrologik kasalliklarga chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash choralari ko`rilmoqda.
Bir qator tibbiyot muassasalarida bemorlar umrining ancha uzayishini va ularning turmush sifati oshishini ta`minlaydigan gemodializ bo`linmalari faoliyat ko`rsatmoqda.
Gemodializ – buyrak vazifasini bajaruvchi davo muolajasi bo`lib, muhtoj bemorlar hayotini saqlaydi. Bugungi kunda respublikamizda bu xizmat yo`lga qo`yilgan, barcha mintaqalarda hamda zaruratdan kelib chiqib, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida gemodializ uskunalari o`rnatilgan va gemodializ xizmati tashkil etilgan.
Ammo tahlil natijalari shuni ko`rsatmoqdaki, gemodializ yordamiga muhtoj bo`lgan bemorlarga to`liq tibbiy xizmat ko`rsatishga to`sqinlik qilayotgan bir qancha echimini kutayotgan muammolar mavjud.
Tibbiyot muassasalarida gemodializ olish uchun o`rinlarning umumiy soni real ehtiyojdan bir necha baravar kam, gemodializ bo`linmalarining yarmidan ortig`i moslashtirilmagan xonalarda joylashgan, ko`pgina gemodializ mashinalarining belgilangan foydalanish muddati o`tib ketgan.
Aholiga yuqori malakali nefrologiya va gemodializ yordami ko`rsatish, shuningdek, buyraklarni transplantasiya qilish bo`yicha mintaqaviy bo`linmalarga ega bo`lgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazini tashkil etishga ehtiyoj mavjud.
Terminal va o`tkir buyrak etishmovchiligiga duchor bo`lgan bemorlarni davolashning yagona standartlari va protokollari joriy etilmagan, shuningdek, nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularga o`z vaqtida tashxis qo`yishning samarali tizimi, bemorlarni tanlash va gemodializga yuborish tartib-taomillari yo`lga qo`yilmagan.
Nefrolog mutaxassislar, gemodializ shifokorlar va gemodializ bo`linmalarining boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo`yicha yagona dastur mavjud emasligi sababli shifokor-nefrologlar va gemodializ bo`yicha mutaxassislar keskin etishmayapti.
Nefrologik kasalliklarni davolashning zamonaviy tibbiy infratuzilmasini yaratish va ushbu sohada to`planib qolgan muammolarni hal etishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanilmayapti.
Gemodializ tibbiyot uskunalari va sarflash materiallarini olib kirish va sotib olishni ro`yxatdan o`tkazish, sertifikatlash va ruxsatnoma olishning murakkab va shaffof bo`lmagan tartib-taomillari amal qilmoqda, bu bozorga kirishni va ularni ishlab chiqaruvchilar o`rtasidagi raqobatni cheklamoqda.
Prezidentimizning joriy yil 12 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko`rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori mazkur muammolarni hal etishda muhim huquqiy hujjat bo`lib xizmat qiladi.






