11 iyul kuni Xonobod shahrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tegishli topshiriqlariga asosan barpo etilgan Andijon viloyatida yagona bo`lgan “Xonobod” sihatgohining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Tadbirda hukumat, hokimlik va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Eng so`nggi zamonaviy tibbiyot uskunalar bilan jihozlangan muassasasini bunyod etish uchun GM Uzbekistan kompaniyasi barcha zaruriy ishlarni amalga oshirdi. Sihatgoh dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan bo`lib, u o`zining kislorod bilan to`yingan ionlashtirilgan havosi bilan yuqori va quyi nafas organlari, harakat-tayanch, asab tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan.
Sihatgoh hududi 10,5 gektarni tashkil qilib barcha korpuslar bog` hududida joylashgan hamda manzarali daraxtlar, archalar va gullar bilan o`ralgan. Sihatgohda zamonaviy sport maydonlari, suv havzalari, internet wi-fi, bolalar maydonchalari dam oluvchilarning maroqli xordiq chiqarishlari uchun xizmat qiladi.

O`tgan davr mobaynida mazkur inshoot barpo etilishida 800 nafar quruvchi va ishchi xodimlar xizmat qildi. Sihatgoh ochilishi mahalliy aholiga ishchi o`rinlari yaratishda ham muxim ahamiyat kasb etdi. Sihatgoh bir vaqtning o`zida 200 nafar kishini qabul qilish imkoniga ega bo`lib, ularga majmuaning 130 dan ortiq xodim barcha zaruriy xizmatlarni ko`rsatadi.






