Nafs kuyiga tushib, firibgarlik yo`lini tutgan kishining bir kuni boshi albatta mulzam bo`ladi. Maqsadjon Zokirov ham bugun qattiq pushaymonda. Endi esa kech...
U O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qo`qon shahar bo`limida elektr energiya va tabiiy gazdan foydalanish tartibini nazorat qilish sho``basi davlat inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Vazifasi hududlardagi gaz, elektr kabi kommunal xizmatlardan foydalanganda yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish, ulgurji iste`molchilardan avvaldan to`lovlarni amalga oshirishni ta`minlash, energiya resurslaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni to`lamagan taqdirda tarmoqdan uzdirish, ulardan noqonuniy foydalanilganda esa dalolatnoma rasmiylashtirish va chora ko`rishdan iborat bo`lgan.
M.Zokirov qo`qonlik A.Tillaev (ism-familiyasi o`zgartirilgan)ni yaxshi bilardi. Uning xonadonidagi elektr hisoblagich shahar elektr ta`minoti korxonasidagi bazaga kiritilmaganidan ham xabardor edi. Bundan bir yil muqaddam A.Tillaevning xonadoniga borgan Maqsadjon sarflangan elektr qarzini unga to`lashini aytadi. Hudud nazoratchisining “3 million qarzingiz bor” degan gapidan keyin xonadon sohibi buning sababini so`raydi. Nazoratchi esa ushbu xonadonga dalolatnoma ham rasmiylashtirilganini bayon qiladi.
Qarzdorlik borasida sudga hujjatlarni taqdim etish bilan A.Tillaevni qo`rqitib, dalolatnoma bo`yicha ham qarzdorlikni to`lashni talab etadi.
3 million to`lashga holi yo`q jabrlanuvchi esa Qo`qon shahar elektr tarmoqlari korxonasiga aniqlik kiritish maqsadida boradi. Operator unga yashayotgan manzili kompyuter bazasida mavjud emasligini ta`kidlaydi. Xonadon uchun ham dalolatnoma rasmiylashtirilmaganligini qo`shib qo`yadi.
Undiruvchi va to`lovchilar yana uchrashadilar. Katta miqdordagi bu mablag`ni to`lay olmasligini aytganida Maqsadjon A.Tillaevga 2 million so`m evaziga barcha qarzdorligu dalolatnomalarni yo`q qilib berishini aytadi. Yangidan plastik kartali elektron hisoblagich o`rnatib, kompyuter bazasida ham abonent raqami ochib berishga va`da beradi. Aks holda, qarzdorlikni Majburiy ijro byurosiga o`tkazib yuborishini qo`shimcha qiladi.
Tang ahvolda qolgan xonadon sohibi M.Zokirovning harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bilan murojaat qildi. Maqsadjon tezkor tadbirda qo`lga olindi.
Sud M.Zokirovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan JKning 45-moddasini qo`llab, 2 yil moddiy javobgarlik va mansabdorlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilib, har oylik ish haqidan 25 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. O`zbekiston Respublikasi JKning 62-moddasiga asosan, M.Zokirovning qamoqda o`tirgan har bir kunini axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirib, jazoni 6 oy 6 kunini o`talgan deb hisoblab, o`tash uchun yuqoridagi jazo 2 yil 5 oy 24 kun muddatga axloq tuzatish jazosiga qoldirildi.
Ma`sudjon Sulaymonov, O`zA






