Shu kunlarda Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriev boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi Janubiy Koreyada elektron kutubxona sohasidagi yutuqlar bilan yaqindan tanishib, o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirish borasida muzokaralar olib bormoqda.
Delegasiya a`zolari 12 iyul kuni Seulda joylashgan, 6,5 million (shundan 844 mingtasi xorijiy nashrlar) bosma va elektron kitob fondiga ega Koreya milliy kutubxonasi hamda Yonsey universitetining Markaziy kutubxonasi faoliyati, u erda kitobxonlar uchun yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.
Shu kuni L.Tangriev va Janubiy Koreya milliy kutubxonasining Elektron kutubxonasi direktori Hyung Ho Lee o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi.
Muloqot chog`ida L.Tangriev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va bugungi kunda amaliyotga samarali tatbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi asosida respublikani har tomonlama rivojlantirish maqsadida turli yo`nalishlarda keng qamrovli islohotlar olib borilayotganini ta`kidladi. O`z navbatida, aholi, ayniqsa, yoshlar o`rtasida kitob va kitobxonlikni keng targ`ib qilish, kutubxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga innovasion texnologiyalarni joriy etish, kutubxonalarning nafaqat kitob fondini, balki ularning moddiy-texnik bazasini ham zamonaviy texnik-uskunalar bilan boyitishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Uchrashuvda Koreya Respublikasining Eksimbank muassasisi tomonidan 14,6 mln. AQSh dollariga moliyalashtirilayotgan Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston milliy kutubxonasida amalga oshirilayotgan “Milliy umuta`lim kutubxona” loyihasi mazkur davlatning elektron kutubxona tajribasi asosida yaratilayotgani, bu borada koreyalik mutaxassislarning ko`magini alohida ta`kidlab, “Koreyaga nigoh” loyihasini yanada kengaytirish, o`zaro tajriba almashishni davom ettirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanini bildirildi.






