FIFA doping testlar o`tkazilgani haqida press-reliz tarqatdi. Unda qayd etilishicha, futbol bo`yicha jahon kubogi ishtirokchilaridan olingan barcha doping testlari natijalari manfiy bo`ldi. Turnirda ishtirok etgan 32 jamoaning barcha o`yinchilari sinovdan o`tkazilgan.
Doping testlar jahon chempionati boshlanishidan avval va o`yinlar vaqtida amalga oshirildi. Shuningdek, sportchilardan uchrashuvlardan keyin va hatto o`yinlar o`tkazilmaydigan kunlarda ham namunalar olingan. Xabarda barchaning doping testlari muvaffaqiyatli chiqqani aytiladi. Ya`ni hech bir o`yinchida ta`qiqlangan moddalar aniqlanmagan.
Bu yil Rossiya futbol jamoasining avvalgi jahon chempionatlarida erisha olmagan natijaga erishgani ba`zilarda shubhalarni uyg`otayotgan edi. Rus sportchilar yutug`ini kuzatib borayotganlar esa qandaydir quvvat qo`shuvchi vositalardan foydalangan degan gumonda ham bo`lishdi. Masalan, Germaniyaning Bild nashri bir necha kun avval bergan xabarida Rossiya terma jamoasi futbolchilari jahon chempionati-2018 vaqtida o`z jismoniy holatini yaxshilash uchun dopingdan foydalangan, deb qayd etgan. Nashrda rossiyalik futbolchilar 2018 yilgi Jahon chempionatining Xorvatiyaga qarshi kechgan 1/4 final uchrashuvida jismoniy holatini kuchaytirish uchun ammiak hidlashganini ma`lum qilingan va ammiak taqiqlangan vositalar safiga kirmasa-da bu modda ham doping kabi quvvatlantirishi ta`kidlangan. Bild bunga isbot tariqasida “Tvitter“da Rossiya terma jamoasi himoyachisi Ilya Kutepovning quyidagi suratini taqdim etgan.

Shubhalar bejiz emas, albatta. Chunki, ikki yildan buyon ayni shu yurt sportchilari yirik doping-janjallarga aralashib qolishmoqda. Shu sababli ham Rossiya terma jamoasi o`yinchilariga alohida e`tibor qaratilgan. Qayd etilishicha, JCh-2018 doirasida jamoa futbolchilari bir necha marotaba takroran namunalar topshirishdi.
Eslatib o`tamiz, Rossiya terma jamoasi 2018 yilning 9 – 25 fevral kunlari Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida o`tgan qishki Olimpiada o`yinlaridan diskvalifikasiya qilingandi. Xalqaro olimpiya qo`mitasining bu qaroriga Rossiya terma jamoasining Sochi-2014 Olimpiadasida dopingdan ommaviy tarzda foydalanganlikda aybdor deb topilgani sabab bo`lgan. Shu tariqa rossiyalik sportchilar qishki Olimpiadada o`z mamlakati bayrog`i ostida ishtirok eta olmadi. Doping qabul qilmagani aniqlangan rossiyalik sportchilarga Pxyonchxan o`yinlarida faqat neytral bayroq ostida ishtirok etishiga ruxsat berildi.
N. Toshpo`latova, O`zA






